Iqtisodiyot | 15:57 / 06.12.2023
20809
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston oktyabrda eng ko‘p oltin sotgan davlat bo‘ldi

O‘zbekiston Markaziy banki oktyabr oyida dunyoning boshqa mamlakatlariga qaraganda ko‘proq – 11 tonna oltin sotdi.

Foto: Akio Kon / Bloomberg

O‘zbekiston Markaziy banki oktyabr oyida dunyodagi boshqa moliyaviy regulyatorlardan ko‘proq oltin sotdi. Bu haqda Jahon Oltin Kengashining (WGC) oylik ma’lumotlarida keltirib o‘tilgan

Hisobot davrida jahon markaziy banklarining jami oltin zaxiralari 42 tonnaga oshdi. 

Oktyabr oyida qimmatbaho metallarning eng faol xaridorlari Xitoy (23 tonna), Turkiya (19 tonna) va Polsha (6 tonna) Markaziy banklari bo‘ldi.

Mazkur vaqtda oltinning asosiy sotuvchisi O‘zbekiston Markaziy banki bo‘ldi va o‘z zaxiralarini 11 tonnaga qisqartirdi. Shuningdek, Qozog‘iston Markaziy banki tomonidan ham 2 tonna oltin sotilgan.

Avvalroq, oltin narxi bir troya unsiyasi uchun 2135 dollargacha qimmatlashgani xabar qilingandi. Bu rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Qimmatbaho metall narxlarining oshishiga Yaqin Sharqdagi qurolli mojaro hamda Federal zaxira tizimining stavkani pasaytirish bo‘yicha kutilmalari sabab bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, 2023 yilning 10 oyida O‘zbekiston 6,87 mlrd dollar qiymatidagi oltin sotdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 2,3 barobarga ko‘p. Shuningdek, 2022 yilda 4,1 mlrd dollarlik, 2021 yilda 4,1 mlrd dollarlik, 2020 yilda 5,8 mlrd dollarlik, 2019 yilda esa 4,9 mlrd dollarlik oltin sotilgan.

Mavzuga oid