Jahon | 08:51 / 07.12.2023
3318
2 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiya va AQSh mudofaa sohasida hamkorlik shartnomasi tuzdi

«Kelishuv Shvetsiyaga urush yoki inqiroz yuz berganda Amerika yordamini olishi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratadi», dedi Shvetsiya Mudofaa vazirligi rahbari Pol Yonson.

Foto: Yves Herman/REUTERS

Shvetsiya va Amerika Qo‘shma Shtatlari mudofaa sohasida hamkorlik shartnomasini tuzdi. Hujjatni 5 dekabr kuni ikki davlat mudofaa vazirlari Pol Yonson va Lloyd Ostin imzoladi, deyiladi Pentagon 6 dekabr, chorshanba kuni chop etgan bayonotda. Unga ko‘ra, kelishuv AQSh qo‘shinlarining Shvetsiyadagi faoliyati uchun asos yaratadi, jumladan, «Amerika harbiy xizmatchilarining huquqiy maqomi, ularni harbiy obektlarga kiritish va qurol va jihozlar bilan ta’minlashda». 

«Kelishuv urush yoki inqiroz yuzaga kelgan taqdirda Shvetsiyaga Amerika yordamini olishi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratadi», dedi Pol Yonson o‘z navbatida. Uning so‘zlariga ko‘ra, amerikaliklar Shvetsiyadagi barcha harbiy bazalar, obektlar va o‘quv poligonlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi, biroq gap amerikaliklar mamlakatda o‘z harbiy bazalarini yaratishi haqida ketmayapti. «Bu 17 ta harbiy obektning barchasidan foydalanish shart emas. Harbiy nuqtayi nazardan, amerikaliklar uchun muhimroq narsa shundaki, ular, masalan, u yerda harbiy texnikani saqlashi mumkin», - dedi Yonson. 

O‘tgan yili Norvegiya va Qo‘shma Shtatlar ham xuddi shunday kelishuvga erishgan edi. Finlandiya va Daniya bu mavzuda Vashington bilan muzokaralar olib bormoqda. Ukrainada keng ko‘lamli harbiy harakatlar boshlanganidan keyin Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berdi. Bu alyansning Vengriya va Turkiyadan tashqari barcha a’zolari tomonidan ratifikatsiya qilingan. Yonsonning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi kelishuv Qo‘shma Shtatlarga Shvetsiya bilan NATOga a’zo bo‘lmasdan birgalikda ishlash imkonini beradi. 

Mavzuga oid