O‘zbekiston | 11:41 / 07.12.2023
7255
1 daqiqa o‘qiladi

Toshkent va Namangan viloyatlarida qor ko‘chish xavfi e’lon qilindi

8-13 dekabr kunlari kutilayotgan yog‘ingarchilik hamda havo haroratining keskin o‘zgarishi sababli Bo‘stonliq, Ohangaron, Parkent va Popda qor ko‘chish xavfi e’lon qilindi.

Foto: FVV matbuot xizmati

2023-yil 10-12 dekabr kunlari A-373 “Toshkent – O‘sh” avtoyo‘lining Qamchiq dovonidan o‘tgan qismida qor yog‘ishi kutilmoqda.

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, vaqti vaqti bilan kuchli yog‘ingarchilik va tuman kuzatilishi, ko‘rinuvchanlik 50 metrgacha pasayishi, shamol tezligi 17 – 22 m/s gacha kuchayishi natijasida avtoyo‘lda yaxmalak va qor uyumlari yuzaga kelishi mumkin.

Shuningdek, joriy yil 8-13 dekabr kunlari kutilayotgan yog‘ingarchilik hamda havo haroratining keskin o‘zgarishi sababli respublikaning tog‘li hududlarida, jumladan:

Toshkent viloyati: Bo‘stonliq, Ohangaron va Parkent tumanlari (Chotqol tizmasining tog‘lari);
Namangan viloyati Pop tumanida qor ko‘chish xavfi e’lon qilinadi.

Tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda tog‘li xududlarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyot choralarini ko‘rish so‘ralgan.

Mavzuga oid