O‘zbekiston | 09:41 / 08.12.2023
4113
2 daqiqa o‘qiladi

Shaharsozlik sohasida litsenziyalarni olish uchun talablar kuchaytirilmoqda

Yangi litsenziya talablari 2024 yil 1 martdan kuchga kiradi, unga qadar tegishli litsenziyaga ega tashkilotlar o‘z faoliyatini yangi talablarga muvofiqlashtirishi lozim.

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining “Shaharsozlik faoliyatida ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirishga qaratilgan hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston hududida doimiy muassasasi bo‘lgan norezident yuridik shaxslar ham balandliklarda sanoat alpinizmi usullarida ta’mirlash, qurilish-montaj ishlarini bajarish faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olishi mumkin. Lisenziya olish uchun murojaat etish muddati 15 kundan 10 kunga qisqartirilmoqda.

Shaharsozlik sohasidagi ayrim litsenziyalarni olish uchun talablar kuchaytirilmoqda.

Misol uchun, ko‘priklar va tunnellarni loyihalashtirish uchun litsenziyani olish uchun tashkilot shtatida kamida 15 nafar mutaxassisga ega bo‘lishi lozim, shulardan asosiy ish joyi sifatida ishlovchi:

  • direktor;
  • soha bo‘yicha oliy ma’lumotga va loyihalashtirish sohasida kamida 5 yillik ish tajribasiga ega 3 nafar loyiha bosh muhandisi;
  • bosh arxitektor;
  • 2 nafar texnolog;
  • 2 nafar konstruktor.

Lisenziyani shu jumladan chet el (doimiy muassasasi mavjud) yuridik shaxslar olishi mumkin. Ko‘rib chiqish muddati 30 kundan 20 kunga qisqarmoqda.

Shuningdek, quyidagi faoliyat bo‘yicha litsenziyalarni olish uchun talablar kuchaymoqda:

  • ko‘priklar va tunnellarni qurishga;
  • xavfi yuqori bo‘lgan obektlarni va potensial xavfli ishlab chiqarishlarni loyihalashtirish, qurish hamda ulardan foydalanish bo‘yicha.

Yangi litsenziya talablari 2024 yil 1 martdan kuchga kiradi, unga qadar tegishli litsenziyaga ega tashkilotlar o‘z faoliyatini yangi talablarga muvofiqlashtirishi lozim.

2024 yil 1 apreldan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tmagan holda qurilgan bino va inshootlardan foydalanish uchun ruxsatnoma berilmaydi.

Mavzuga oid