Jahon | 23:23 / 13.12.2023
21918
10 daqiqa o‘qiladi

Netanyahuga tanbeh bergan Bayden, rossiyaliklarni haydayotgan Turkiya, AQShdan quruq qaytayotgan Zelenskiy - kun dayjesti

So‘nggi bir kunda jahonda sodir bo‘lgan voqea-hodisalar, yangiliklarning kundalik sharhi bilan odatdagidek kun dayjestida tanishtirib boramiz.

Isroil G‘azoning markazida joylashgan Al-Mag‘aziy qochqinlar lagerini bombardimon qildi. Yuzlab insonlar o‘lgan va yarador bo‘lgan. Qutqaruvchilar vayronlar ostidan tinch aholi vakillarini jasadlarini chiqarib olishmoqda va Al-Aqso shahidlari kasalxonasiga eltishmoqda.

67 kundan buyon davom etayotgan noinsoniy agressiya oqibatida G‘azoda o‘ldirilganlar soni kamida 18 ming 412 kishini tashkil qilmoqda. Minglab insonlar bedarak yo‘qolgan, 50 mingdan ortiq inson yarador qilingan

Birlashgan millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi Misr va Mavrtianiya tomonidan taklif qilingan, G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish yuzasidan yuzdan ortiq davlat, jumladan, O‘zbekiston ham qo‘llagan rezolyutsiyani qabul qildi. Har doimgidek, AQSh va Isroil bunga qarshi ovoz berdi.

Afsuski, Bosh Assamblya rezolyutsiyalarini bajarish majburiy emas, tavsiyaviy xarakterga ega. BMT Xavfsizlik Kengashining majburiy statusdagi rezolyutsiyalariga bepisand Isroilga bu choralar kor qilmaydi.

Isroil harbiylari G‘azo sektorining shimolida joylashgan Jabaliyadagi Kamol Advan shifoxonasining 70 dan ortiq tibbiyot xodimlarini hibsga olganini CNN xabar qilgan. Aftidan, TsAHALga G‘azodagi har qanday inson HAMAS jangarisi bo‘lib ko‘rinayapti.

Isroil armiyasi G‘azoda HAMAS tomonidan barpo etilgan tonnelarni O‘rta Yer dengizi suvi bilan to‘ldirishni boshlab yuborganini yozmoqda The Wall Street Journal nashri. Nashr bu yangilikni Isroildagi operatsiyadan boxabar amerikalik manbasiga tayanib yozgan. TsAHAL maxfiylikni pesh qilib izoh berishdan bosh tortgan.

The Wall Street Journal manbasi ko‘ra, tonnellarni dengiz suviga to‘ldirish uchun bir necha hafta ketishini ta’kidlagan. Avvalroq, bu rejadan xabar topgan ekologlar bu G‘azodagi yerosti chuchuk suvlarini iste’molga yaroqsiz holga keltirishidan ogohlantirishgan edi.

Bu orada AQSh prezidenti Jo Bayden Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni mamlakat hukumatini o‘zgartirishga chorlab, keskin chiqish qildi. Jo Baydenga ko‘ra, Isroil G‘azo sektoriga bostirib kirgach, xalqaro qo‘llovdan shiddat bilan mahrum bo‘lmoqda. 

Amerikaga safar qilgan Ukraina prezidenti Pentagonda amerikalik harbiylar bilan uchrashdi, Senatda chiqish qildi va Oq uyda Jo Bayden bilan yuzma yuz suhbat qurdi. Uchrashuv nihoyasida Bayden va Zelenskiy qo‘shma matbuot anjumani o‘tkazishdi.

Agar Senat va Kongress tomonidan qo‘shimcha yordam ma’qullanmasa, 200 mln dollar Ukrainaga o‘tkazilgan so‘nggi transhlardan biri bo‘ladi, dedi Bayden.

«Biz Putinni to‘xtatmasak, butun dunyoni xavf ostida qoldiramiz. Biz shuni tushunimiz kerakki, respublikachilar Ukrainaga yordamni bloklaganda Rossiya bayram qiladi. Imkoniyat bor ekan,AQSh Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazishni davom ettiradi, biroq qo‘shimcha yordamsiz pul tez orada tugaydi», degan AQSh prezidenti.

Bayden Amerika Ukrainaning g‘alabasini xohlashini, Ukraina o‘zini o‘zi mudofaa qila oladigan suveren davlatga aylanishi va Rossiya bilan urushda g‘alaba qozonilgach, albatta NATO a’zosi bo‘lishini ham ta’kidlagan.

O‘z navbatida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 2022 yilning fevralidan buyon Ukraina Rossiya okkupatsiya qilgan hududlarning 50 foizini ozod qilganini ta’kidlagan.

“Hozir biz osmonda ustunlikka ega bo‘lish ustida ishlamoqdamiz, bu bizning 2024 yildagi pozitsiyamizni mustahkamlaydi. Bizning dengiz eksportimiz ishga tushdi va 5 foizdan o‘sib borayotgan iqtisodiyotimizni mustahkamlashga yordam bermoqda”, — dedi Zelenskiy.

Jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, Zelenskiy Ukraina hech qachon Rossiya foydasiga o‘z hudularidan voz kechmasligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, Zelenskiy bilan uchrashuvdan so‘ng Bayden Ukrainaga 200 mln dollar yordam ajratilishini e’lon qildi. Ammo, Zelenskiy amerikalik senatorlar va respublikachilarni 61,4 milliard dollarlik yirik yordam ajratilishiga ko‘ndira olmagan ko‘rinadi.

Oq uy rahbari agar Kongress qo‘shimcha moliyalashtirishni tasdiqlashga ulgura olmasa bu Vladimir Putin uchun “Rojdestvoga eng katta sovg‘a” bo‘lishini ta’kidlagan.

Respublikachilar Ukraina va Isroilga yordam berish to‘g‘risidagi qonun loyihasini AQShning janubiy chegaralaridagi migratsiya siyosati va xavfsizlikni ta’minlashni qat’iylashtirishni talab qilib, ortga surib kelishmoqda.

AQSh razvedkasi Ukrainadagi urush Rossiya armiyasini taraqqiyot darajasi bo‘yicha 2005 yilga qaytarganini ma’lum qilgan.

Amerika razvedkachilarining fikricha, Rossiyaning Ukraina sharqidagi bosqinining shu yil kuz-qish oylaridagi bosh maqsadi g‘arb qo‘llovidan mahrum qilish bo‘lgan, deb yozadi The New York Times. Bu rejalar Rossiyaga jang maydonida katta strategik muvaffaqiyat olib kelmagan, aksincha ulkan yo‘qotishlarga duchor qilgan. Oq uyi milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Edriyenn Uotson xonimga ko‘ra, RF armiyasining oktyabrdan boshlangan qarshi hujumi chog‘ida 13 mingdan ortiq askari halok bo‘lgan, 220 dan ziyod harbiy mashinalar yakson qilingan.

Yana bir maxfiyligi ochilgan dokladga ko‘ra, urush boshidan buyon Rossiya armiyasining 315 ming askari halok yoki yarador bo‘lgan. Bu shaxsiy tarkibning 80 foizini tashkil etadi. Urush boshida Rossiyada mavjud bo‘lgan 3500 ta tankdan 2200 tasi yo‘qotilgan. Urush Rossiyaning quruqlikdagi qo‘shinlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarini 15 yil orqaga siltab tashlagan.

Oq uy bu ma’lumotlarni respublikachilarni Ukrainaga yordam berishga ko‘ndirish vajidan oshkor qilgani taxmin qilinmoqda.

Ukrainadagi urushi mavzusi tobora odamlarni zeriktirmoqda. U Google’ning qidiruv so‘rovlari o‘nligidan ham tushib ketgan.

Google Trends ma’lumotlari analiziga ko‘ra, 2023 yilning eng mashhur so‘rovi G‘azodagi urush mavzusi bo‘lib turibdi. Shuningdek, “Titanik” qoldiqlari oldida “Titan” batiskafi portlashi, Turkiyadagi zilzilalar, AQSh va Kanadadagi uchta dovul, AQShning Men va Tennesi shtatlaridagi otishmalar, hindlarning Oyga uchirgan «Chandrayan-3» missiyasi va Sudandagi urush o‘nlikdan joy olgan.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini 2022 yilda qidiruvdagi eng bosh mavzuga aylangan edi. 

Turkiyada istiqomat izni berish ommaviy tarzda rad etila boshlagach, mamlakatni 53 mingdan ziyod Rossiya fuqarosi tark etgan.

Yil boshidan buyon Turkiyada doimiy asosda bo‘lib turgan rossiyaliklarning soni 34 foizga kamaygan. Turkiya migratsiya ishlar bo‘yicha boshqaramasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda istiqomat izini qo‘lga kiritgan xorijliklar o‘rtasida Rossiya fuqarolari eng oldinda bo‘lgan: ularga 154 mingta ruxsatnoma berilgan. Rossiyalik migrantlarning norasmiy poyxati — Antalya shahrini shu yil yoz fasllari va sentabr oyida 17 ming odam tark etgan.

Rossiyalik va belaruslik fuqarolar uchun istiqomat izni berishni taqiqlash qarori Anqaradan kelgani ta’kidlamoqda Turkiyaning Mug‘la viloyati hududlaridan birining ma’muriyati. Unga ko‘ra, 2022 yil fevralidan so‘ng istiqomat izni olganlarning barchasiga rad javobi berilmoqda.

AQSh Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni e’lon qildi. Ro‘yxatda 250 ta kompaniya, 23 kishi va uchta kema: «Arkadiy Chernishev», «Kapitan Yakubovich» va «Mariya» bor.

Sanksiyalar nafaqat rossiyaliklarga, shuningdek, Pokiston, Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya fuqarolariga ham joriy etilgan. Sanksiyaga tushgan kompaniyalar orasida BAA va Xitoy firmalari, shuningdek Singapur, Tojikiston, Qirg‘iziston, Maldiv va Shveytsariya yetkazib beruvchilari ham bor.

Yevropa Ittifoqi kengashi esa Rossiya bilan sanksiya ostidagi tovarlar savdo-sotig‘ini yo‘lga qo‘ygan yoki rossiyaliklarga taqiqlangan xizmatlarni ko‘rsatayotganlarni 5 yil qamoq bilan jazolashni rejalashtirmoqda.

Shveytsariya banklari Rossiya milliarderlarining muzlatib qo‘yilgan pullarini saqlash uchun komissiya olishni boshlab yubordi. “Vedomosti” nashrining yozishicha, vaziyatdan xabardor manbalardan biri hisob-raqam ochgan inson bu xizmatdan foydalana olayaptimi-yo‘qmi, xizmat baribir ko‘rsatilishda davom etmoqda, shu sababli xizmat uchun komissiya hattoki kelgusi yillar uchun avvaldan olinaveradi, deya tushuntirgan.

Yevrokomissiya esa Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan daromadlarni yig‘ib, 2027 yilgacha Ukrainaga 15 mlrd yevro yordam qilishni rejalashtirmoqda, deb yozadi Financial Times.

Vengriya agar Yevropa Ittifoqi unga tegishli milliardlarni qaytarsa Ukrainaning moliyalashtirilishiga to‘sqinlik qilmaydi. Bosh vazir Viktor Orbanning maslahatchisi Bloomberg nashriga bergan intervyusida Budapesht mamlakatdagi demokratiya bilan bog‘liq muammolar tufayli Yevroittifoq tomonidan to‘xtatib turilgan 30 mlrd yevroni qo‘lga kiritishdan umid qilayotganini aytgan. 

Mavzuga oid