O‘zbekiston | 15:24 / 15.12.2023
9797
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yaylovlarning yarmi inqirozga uchragani ma’lum qilindi

Respublikadagi 21 mln gektar yaylovlarning 50 foizdan ortig‘i turli darajada inqirozga uchragan. Olimlarga ko‘ra, yaylovlarda o‘suvchi 1700 tur o‘simlikning 200 turi hozirda umuman yo‘qolib ketgan. Bunga iqlim o‘zgarishlari, tuproq eroziyasi hamda inson omili sabab bo‘lmoqda.  

Respublikadagi asosiy yaylovlarning tabiiy ravishda yem-xashak hosil qilish salohiyati pasayib, yaroqsiz holatga kelib qolgan. Bu haqda Senatning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi majlisida ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, 4,2 mln gektar yaylovda geobotanik tadqiqotlar o‘tkazilib, degradatsiyaga uchragan maydonlarning xaritalari tayyorlangan hamda 420 ming gektar degradatsiyaga uchragan yaylovlarni qayta tiklash va yaxshilash bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Respublikaning 21 mln gektar maydonini egallagan yaylovlarning 50 foizdan ortig‘i turli darajada inqirozga uchragan, asosiy yaylovlarning tabiiy ravishda yem-xashak hosil qilish salohiyati pasayib, yaroqsiz holatga kelib qolgan. Bu ko‘rsatkich 2019 yilda 16,4 mln gektarni (umumiy yaylovlarning 78 foizi) tashkil qilgandi.

Yaylovlarda chorva mollarini almashlab boqish tizimi joriy etilmagani va chorva mollari soni keskin ortgani bois yaylov yerlari katta bosim ostida qolgan. Buning oqibatida ozuqabop yem-xashak o‘simlik turlari siyraklashib, yo‘qolib ketish darajasiga yetgan.

Qo‘mita majlisida ushbu masalalarga oydinlik kiritish maqsadida Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish bir ovozdan ma’qullangan.

Oldinroq qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Usmon Norqulov yaylovlarda o‘suvchi 1700 tur o‘simlikning 200 turi hozirda umuman yo‘qolib ketgani haqida gapirgandi. Olimning ta’kidlashicha, keyingi 50 yil ichida yaylovlarda inqiroz kuchaygan. Bunga iqlim o‘zgarishlari, tuproq eroziyasi va inson omili sabab bo‘lmoqda.

Mavzuga oid