Jahon | 13:14 / 16.12.2023
7517
3 daqiqa o‘qiladi

«FSIN» Navalniy boshqa koloniyaga o‘tkazilganini ma’lum qildi

Sota xabariga ko‘ra, sud majlisida Federal jazoni ijro etish xizmatining Navalniy Moskva shahar sudi hukmiga binoan Vladimir viloyatidagi koloniyani tark etgani haqidagi ma’lumotnomasi o‘qib eshittirildi. U bilan 10 kundan beri hech qanday aloqa yo‘q.

Foto: RIA Novosti

Rossiyalik muxolifatchi, uzoq muddat qamoqda o‘tirgan Aleksey Navalniy boshqa koloniyaga o‘tkazildi, deb xabar berdi Federal jazoni ijro etish xizmati («FSIN») Navalniy «Vladimir viloyatidan tashqarida joylashgan axloq tuzatish muassasasiga jo‘nab ketdi», deb yozadi Sota nashri 15 dekabr, juma kuni Navalniyning koloniya ma’muriyatiga qarshi da’vosi bo‘yicha Vladimir viloyat sudi yig‘ilishida o‘qib eshittirilgan «FSIN» ma’lumotnomasiga tayanib.

Unda aytilishicha, siyosatchi «Moskva shahar sudining 2023 yil 4 avgustdagi qonuniy kuchga kirgan hukmiga binoan» koloniyani tark etgan. «Navalniyning kelishi amaldagi qonunchilik doirasida xabardor qilinadi», — deyiladi xabarda.

Navalniy jamoasi uning g‘oyib bo‘lgani haqida dekabr oyi boshida xabar bergan edi. 5 dekabrdan beri siyosatchi bilan hech qanday aloqa yo‘q. Korrupsiyaga qarshi kurash fondi (FBK) direktori Ivan Jdanov DW nashriga bergan intervyusida «Kremlning Navalniyni butunlay izolyatsiya qilish rejasi» haqida gapirdi. «Bu qanday qilib amalga oshirilishini bilmayman. Sog‘lig‘ining yomonlashuvi yoki boshqa narsa tufaylimi. Katta ehtimol bilan u boshqa joyga jo‘natiladi, lekin biz hech narsani bilmaymiz», - deya qo‘shimcha qildi u. Muxolifatchi siyosatchining tarafdorlari ijtimoiy tarmoqlarda #GdeNavalnyy heshtegini yo‘lga qo‘yishdi va uning qayerda ekanligi haqidagi ma’lumot uchun mukofot e’lon qilishdi. Bundan tashqari, dekabr oyi boshida Navalniy jamoasi Rossiya Federatsiyasidagi saylov kampaniyasi doirasida yangi loyihani ishga tushirdi.

Aleksey Navalniyni ta’qib qilish

Navalniy 2021 yil fevralida «Iv Roshe» ishi bo‘yicha firibgarlikda aybdor deb topilgach, Rossiya rasmiylari tomonidan koloniyaga jo‘natilgan edi. O‘shanda siyosatchiga 2 yil-u 8 oy qamoq jazosi berildi. 2022 yil mart oyida Navalniy yana firibgarlikda, keyin esa sudyani haqorat qilishda aybdor deb topilib, 9 yilga qattiq tartibli koloniyaga hukm qilingan edi. 

2023 yil avgustida Aleksey Navalniy Moskva shahar sudi tomonidan «ekstremistik hamjamiyat»ni tashkil etganlikda ayblanib, maxsus rejimli koloniyada 19 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Rasmiylarga ko‘ra, siyosatchi asos solgan Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi shunday hamjamiyat bo‘lgan. 1 dekabr kuni Navalniyga nisbatan vandalizm moddasi bo‘yicha yana bir jinoiy ish ochilgani ma’lum bo‘ldi.

Mavzuga oid