O‘zbekiston | 09:38 / 17.12.2023
10153
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona va Buxoroda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini sotishga uringan dorixona xodimlari ushlandi

Farg‘ona, Andijon va Buxoro viloyatlarida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining muomalaga kiritilishiga chek qo‘yildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, departamentning Andijon shahar bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda fuqaro A.S. jami 173 dona «Zardeks» va «Fenobarbital» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini «Mustaqillik» MFY hududida o‘kazish maqsadida olib kelgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, departamentning Qorako‘l tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda «S.T.» MChJga qarashli dorixona sotuvchisi M.B. xaridorga hech qanday hujjatsiz 20 dona «Gabaten» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini sotgan vaqtida ushlanib, dorixonadan jami 106 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Departamentning Qo‘qon shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa «Q.S.» MChJga qarashli dorixona sotuvchisi A.R. hech qanday hujjatsiz 40 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini fuqaro N.R.ga sotgan vaqtida ushlanib, dorixonadan jami 60 dona dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.