Isroil harbiylari G‘azoda oq bayroq ko‘tarib chiqqan isroillik asirlarni o‘ldirib qo‘ydi
Hali qaytarilmagan asirlarning yaqinlari Isroil poytaxtida namoyish o‘tkazib, bu masalani kuch bilan hal qilmaslikka chaqirmoqda.
Isroil tomoni G‘azodagi HAMAS bilan urush vaqtida uch nafar isroillik asir aynan Isroil harbiylari tomonidan o‘ldirilganini tan oldi. TsAHAL rasmiy vakili Daniel Hagarining aytishicha, isroillik harbiylar G‘azo shimolidagi janglar vaqtida uch nafar isroillik asirni dushman deb o‘ylab otib qo‘ygan.
Genaral Hagari TsAHAL tomonidan o‘ldirilgan isroillik asirlarning ismlarini ham ma’lum qildi: Kfar-Aza kibutsidan o‘g‘irlangan Yotam Xaim, Nir-Am kibutsidan o‘g‘irlangan Samer Talalka va Alon Shamriz. Uchinchi asirning yaqinlari avvaliga uning ismini oshkor qilishni istashmagan, ammo keyinchalik OAV jasadi Isroilga qaytarilgan barcha asirlar shaxsiga oydinlik kiritdi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu asirlar o‘limini «juda jiddiy fojia» deb atadi. Isroil tomoni bu holat bo‘yicha tekshiruv boshlagan.
Urush boshlanganidan buyon asirlar bilan bog‘liq ushbu eng shov-shuvli holat haqida yangi tafsilotlar paydo bo‘lmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, TsAHAL harbiylari otib o‘ldirgan asirlarning egnida ko‘ylagi bo‘lmagan va kiyimlaridan oq bayroq (taslim bo‘lish ramzi) sifatida foydalangan.
Isroillik harbiylardan biri yog‘och tayoqqa mato o‘rab chiqqan uch kishini ko‘rgan va ularni terrorchi deb o‘ylab otib tashlagan. Ikki asir voqea joyida halok bo‘lgan. Bir nafari esa yarador holatda bino ichkarisida qaytib kirgan, ivrit tilida yordam so‘rab baqirgan. Askar shundan keyin ham o‘t ochishni davom ettirib, uchinchi asirni ham o‘ldirgan. «Ishoning, bu bizning instruksiyaga zid holat», degan Isroil mudofaa armiyasi bosh shtabi rahbari general Hersi Xalavi.
Bu vaqtda hali garovdan ozod qilinmagan isroilliklarning yaqinlari tinimsiz namoyishlar o‘tkazib, Netanyahuga bosimni oshirmoqda. Asirlar TsAHAL tomonidan o‘ldirilgani fonida Tel-Avivda ko‘p sonli isroilliklar asirlarni ozod qilish talabi bilan marsh o‘tkazdi. Bu namoyishlarda Netanyahuning iste’fosini talab qilganlar ham bor edi. Asfaltda qonni ifodalovchi qizil bo‘yoqlar chizilgan.
HAMAS qo‘lida qolgan 129 nafar asirning oila a’zolari matbuot anjumanida qatnashib keskin gaplarni aytishdi. Ular Isroil hukumati aytayotgan harbiy bosimning foydasi yo‘qligi, avvalgi guruh asirlar AQSh va Qatar vositachiligidagi diplomatik harakatlar yordamida ozod qilinganini eslatgan. Yana bir asirning yaqini isroillik vazirlar bilan uchrashishdan AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uchrashuv tashkil qilish osonligini aytib, amaldagi hukumatni tanqid qilgan.
Netanyahu «hech narsaga qaramay harbiy maqsadlar oxirigacha yetkazilishi»ni ta’kidlab katta ehtimol bilan mana shu namoyishlarni nazarda tutgan.
Netanyahu o‘z navbatida HAMAS bilan qolgan asirlarni ozod qilish bo‘yicha muzokarachilarga ko‘rsatma berganiga ham ishora qilgan. Isroil bosh vaziri 110 nafar asirni ozod qilish shartlari ham kelishuv amalga oshguniga qadar oshkor qilinmaganini eslatdi.
General Xalavi asirlar o‘ldirilgani uchun TsAHAL mas’uliyatni o‘z gardaniga olishini ma’lum qildi. «Isroil mudofaa armiyasi va uning qo‘mondoni bo‘lgan men bo‘lib o‘tgan voqea uchun mas’uliyatni o‘z gardanimizga olamiz. Bunday xatolar takrorlanmasligi uchun qo‘limizdan kelgan ishni qilamiz», degan u.
TsAHAL qo‘mondoni harbiylar isroillik asirlarni belgilangan instruksiyaga amal qilmay o‘t ochish oqibatida o‘ldirib qo‘yganini aytgandi.
HAMAS salomatligi sabab ozod qilgan 85 yoshli Yoxeved Lifshitsning qizi Sharon uch asir o‘ldirib qo‘yilgani haqidagi xabarga munosabat bildirar ekan, garovdagilarni kuch bilan ozod qilish xavfli ekanini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, keksa onasi ham asirlikda bo‘lgan vaqtida eng ko‘p uni kuch bilan ozod qilishlaridan qo‘rqqan. Sharon asirlarni qutqarish uchun diplomatik harakatlarni kuchaytirish lozimligini ta’kidlagan.