Jahon | 10:43 / 19.12.2023
5208
3 daqiqa o‘qiladi

TI Rossiya va Britaniya o‘rtasidagi savdo orqali yirik pul yuvish holatlari haqida ma’lumot berdi

Transparency International Rossiya bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada pul yuvishning har o‘ninchi holati Buyuk Britaniyaga eksport orqali amalga oshiriladi.

Foto: picture-alliance/dpa/A. Rain

Transparency International xalqaro inson huquqlari tashkilotining chet elda ishlayotgan Rossiya bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 10 yil ichida Rossiyadan Buyuk Britaniyaga eksport qilish orqali katta miqyosda mablag‘larni noqonuniy olib chiqib ketish kuzatilmoqda. 18 dekabr, dushanba kuni «Transperensi Interneshnl - Rossiya» tomonidan e’lon qilingan hisobotda aytilishicha, 2013-2022 yillar oralig‘ida Rossiyada jami pul yuvishning qariyb 10 foizi Britaniya firmalari bilan savdo orqali sodir bo‘lgan. 

O‘rganish davomida huquq himoyachilari Rossiya sudlarining noqonuniy valuta operatsiyalari, jumladan, qalbaki hujjatlar yordamida amalga oshirilgan ishlar haqidagi moddalar bo‘yicha qarorlarini tahlil qildi. Bunday operatsiyalar yordamida 10 yil davomida Buyuk Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar orqali Rossiyadan kamida 20 milliard rubl (150 million funt sterling) olib chiqilgan, bu noqonuniy olib ketilgan pullar umumiy hajmining taxminan 10 foiziga to‘g‘ri keladi. 

Savdo orqali pul yuvishning ko‘plab sxemalari 

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, pul mablag‘larini savdo orqali noqonuniy olib chiqish usuli (TBML, Trade-based money laundering) pul yuvishning faol qo‘llanadigan turi hisoblanadi. Hisobotda jinoiy daromadlarni legallashtirishning bir qancha usullari, xususan, bir mahsulotni boshqa mahsulot niqobi ostida yetkazib berish, bojxona deklaratsiyasida soxta qiymatlarni ko‘rsatish, soxta yetkazib berish va xizmatlar ko‘rsatish holatlari qayd etilgan. Hammasi bo‘lib, tadqiqot Rossiyadan Buyuk Britaniya orqali pul olib chiqish bo‘yicha ilgari noma’lum bo‘lgan 20 ga yaqin holatni aniqladi. 

Huquq himoyachilari tomonidan to‘plangan ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, bunday bitimlar ingliz umumiy huquq tizimida ro‘yxatdan o‘tgan va vositachi sifatida faoliyat yurituvchi kompaniyalar orqali amalga oshiriladi. Ushbu firmalarning asoschilari Seyshel, Marshall, Britaniya Virjiniya orollari yoki Belizda ro‘yxatdan o‘tgan soxta kompaniyalardir. Bu yakuniy benefitsiarlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yashirish imkonini beradi, deya ta’kidlanadi hisobotda. 

Ukraina urushi boshlanganidan so‘ng firmalar sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun foydalanilyapti 

Bundan tashqari, tashkilot Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi va Rossiya Federatsiyasiga nisbatan misli ko‘rilmagan sanksiyalar joriy etilganidan so‘ng, Britaniya vositachi firmalari va ofshorlardagi soxta kompaniyalari Rossiyaga taqiqlangan ikki tomonlama maqsadli tovarlarni yetkazib berish uchun foydalanilishi mumkinligini ta’kidladi. 

Transparency International Rossiya bo‘limi oktyabr oyida yuridik shaxs tugatilishi va Rossiya Federatsiyasidan tashqarida ishlashni qayta boshlashini e’lon qildi. Tashkilot Rossiyada 1999 yildan beri ishlab kelayotgandi. Tashkilotning Rossiyadan tashqarida joylashgan jamoasi «TI’ning muhojirlikdagi Rossiya bo‘limi» sifatida rasmiy akkreditatsiya olgan. 

Mavzuga oid