O‘zbekiston | 12:25 / 20.12.2023
8221
4 daqiqa o‘qiladi

«Mas’ullar aviachipta muammosini yechish imkonsizligi haqida asossiz bayonot bergan» - senator

Senatning majlisida aviachiptalarni sotib olishdagi byurokratik to‘siqlar ijobiy hal etilgani, Transport vazirligi vakillari buni hal etish borasida asosga ega bo‘lmagan ma’lumot bergani ma’lum qilindi. Yig‘ilishda ko‘p kvartirali uylardagi liftlarning kamchiliklari 2024 yil 1 martdan bartaraf etilishi, bu bo‘yicha hukumat qarori qabul qilingani aytildi.

Qutbiddin Burhonov / Foto: Senat matbuot xizmati

Oliy Majlis Senatining 48-yalpi majlisida avgust oyida o‘tgan yig‘ilishda ko‘tarilgan bir qancha muammolarning hal etilishi va ularning ijrosi yuzasidan ma’lumot berildi.

Oldingi majlisda Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov «Uzbekistan Airways» AJga qarashli chipta sotish kassalari faoliyatida byurokratik usullar hamon saqlanib qolayotgani, fuqarolar tomonidan o‘z yaqinlari uchun chipta sotib olish jarayonida ulardan fuqarolik pasportining asl nusxasi talab etilayotgani, asl nusxasi taqdim etilmaganda esa chipta sotilmayotgani bilan bog‘liq masalani o‘rtaga tashlagandi.

Qayd etilishicha, hozirda chiptalar savdosi bilan bog‘liq bunday kamchiliklar, qonunbuzarliklarga chek qo‘yish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rilgan va bu choralar ijrosi qat’iy nazoratga olingan.

Burxonov bu boradagi bayonotni yakunlar ekan, hukumat vakillaridan asossiz ma’lumot berilmasligi hamda masalalar yuzasidan aniq axborotga ega vakolatli mas’ullar gapirishini so‘radi.

«O‘z navbatida vazirlik va idoralar rahbarlari o‘ta muhim jihatga e’tibor qaratishlari lozim deb hisoblayman. Yodingizda bo‘lsa, yuqorida chiptalar bilan bog‘liq muammolar muhokama qilingan yalpi majlisimizda Transport vazirligining tegishli vakolatlariga, asosiysi, masala yuzasidan zarur ma’lumotlarga ega bo‘lmagan vakili qatnashib, bu muammolarni hal qilish imkonsiz ekani haqida asossiz bayonotlarni bergan, bizga ma’lum ma’noda e’tiroz ham bildirgan edi.

Holbuki, ko‘rib turganingizdek hukumat kamchiliklarni tan oldi va ularning yechimiga qaratilgan aniq choralarni belgiladi. Shu bois, bundan keyin yalpi majlisda muayyan masala yuzasidan batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lgan, Senat minbaridan turib, vazirlik yoki idora nomidan bayonot berishga vakolatli vakillar qatnashishini so‘rar edim», – deydi Qutbiddin Burxonov.

Shuningdek, yig‘ilishda ko‘p kvartirali uylar va aholi gavjum bo‘ladigan obektlarda foydalaniladigan liftlar bilan bog‘liq kamchiliklar ham tilga olindi.

Senatorning so‘zlariga ko‘ra, bu muammo Vazirlar Mahkamasi tomonidan o‘rganib chiqilgan va ko‘p kvartirali uylarda, ayniqsa yangidan qurilib foydalanishga topshirilayotgan ko‘p kvartirali uylarda foydalaniladigan liftlarning ma’nan va texnik eskirgani, tegishli davlat standartlari va xavfsizlik talablariga muvofiq emasligi, shuningdek ularni soz holatda saqlab turilishi ustidan nazorat yetarli emasligi aniqlangan.

Bu kabi masalalarni hal etish maqsadida 2023 yil 15 noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining 602-son qarori qabul qilingan. Mazkur qarorga muvofiq 2024 yil 1 martdan boshlab ko‘p kvartirali uylarda lift va eskalatordan foydalanish bilan bog‘liq kamchiliklar choralar asosida bartaraf etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Senatning 43-yalpi majlisida Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Baxtiyor Xolmatov respublika bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilgan 8 ming 857 ta liftning 2 ming 422 tasi talabga javob bermasligini aytgandi. Bu O‘zbekistondagi har to‘rtinchi lift xavfli deganidir.

Mavzuga oid