O‘zbekiston | 12:18 / 21.12.2023
34363
2 daqiqa o‘qiladi

Kimyo universiteti rektori Janpolat Kudaybergenov vafot etdi

O‘zbekistondagi birinchi xususiy oliy o‘quv yurti bo‘lgan Toshkent Kimyo xalqaro universiteti rektori Janpolat Kudaybergenov 45 yoshida vafot etdi.

KIUT Toshkent xalqaro universiteti (Toshkent shahridagi sobiq Yodju texnika instituti) rektori Janpolat Shamuratovich Kudaybergenov 46 yoshida vafot etdi. Bu haqda universitet matbuot xizmati xabar bergan.

«O‘zbekiston ilm-fan jamoatchiligi og‘ir judolikka uchradi. Toshkent Kimyo xalqaro universiteti rektori, iqtisodiyot fanlar nomzodi, professor Kudaybergenov Janpolat Shamuratovich 2023 yil 21 dekabr kuni 45 yoshida vafot etdi.

Janpolat Shamuratovich mehribon ustoz va jonkuyar rahbar, yangiliklarga intiluvchan inson sifatida katta bir jamoani boshqardi. Uning rahbarligida minglab talabalar bilim oldi, shogirdlar yetishib chiqdi, ilmiy izlanishlar olib borildi. Professor Kudaybergenov Janpolat Shamuratovichning mamlakatimiz ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasini inobatga olinib, uning xizmatlari hukumatimiz tomonidan ham munosib taqdirlangan. Hayotdan bevaqt ketganiga qaramay, Janpolat Shamuratovichning o‘z ishiga vijdonan yondashishi, xizmatga sodiqligi, kamtarligi va jamoaviylik ruhi kelajak avlodlarni ilhomlantirishda davom etadi. 

Mehribon ustoz, kamtarin inson Janpolat Shamuratovichning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi», deyiladi ta’ziyanomada.

Janpulat Kudaybergenov 1978 yil 10 martda Nukus shahrida tug‘ilgan. 2000 yilda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetini, 2001 yilda «Umid» prezident jamg‘armasi orqali Birminghem universiteti (Buyuk Britaniya)ni tamomlagan.

2010–2014 yillarda Toshkent moliya instituti «Hisob va audit» fakulteti dekani lavozimida ishlagan. 2014–2017 yillarda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida faoliyat olib borgan.

2018 yildan Yodju texnika institutining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori bo‘lgan. 2019 yildan O‘zbekistondagi birinchi xususiy oliy o‘quv yurti rektori lavozimida ishlab kelayotgandi. 

U so‘nggi vaqtlarda salomatligini tiklash uchun davolanayotgan bo‘lgan.