Jahon | 09:45 / 21.12.2023
2996
3 daqiqa o‘qiladi

YeI budjet qoidalarini isloh qilish bo‘yicha kelishib oldi

Kelishuv YeI fiskal qoidalarining asosiy parametrlarini saqlab qoladi, lekin qarzdorlik darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlarga qarzlar va budjet taqchilligini kamaytirishda ko‘proq moslashuvchanlikni ta’minlaydi.

Foto: Bernd Riegert/DW

Ko‘plab bahs-munozaralardan so‘ng Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar fiskal qoidalarni isloh qilishga rozi bo‘ldi. Ispaniyaning YeI kengashidagi raisligi 20 dekabr, chorshanba kuni Yevropa Ittifoqi moliya vazirlarining video-konferensiyasidan so‘ng murosaga erishilganini e’lon qildi. Xabarda ta’kidlanganidek, kelishuv «barqarorlik va o‘sishni» ta’minlaydi.

Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar uchun yangi fiskal qoidalar yanada real va ayni paytda samarali bo‘ladi, deb yozdi Germaniya federal moliya vaziri Kristian Linder X (sobiq Twitter) platformasida. «Ular taqchillik va qarz nisbatlarini kamaytirish bo‘yicha aniq raqamlarni sarmoya va tarkibiy islohotlarni rag‘batlantirish bilan birlashtiradi», dedi siyosatchi.

Qarzni qisqartirishda ko‘proq moslashuvchanlik 

Islohot investitsiyalarni ta’minlash va shu bilan birga, alohida a’zo davlatlarning ortiqcha qarzdorligidan qochish uchun amaldagi YeI Barqarorlik paktini modernizatsiya qilishga qaratilgan, deb yozadi AFP. 1990-yillar oxirida qabul qilingan qarz qoidalariga ko‘ra, mamlakat budjeti taqchilligi yalpi ichki mahsulot (YaIM)ning uch foizidan oshmasligi kerak. Umumiy qarz yalpi ichki mahsulotning 60 foizidan oshmasligi shart. Mamlakatlar yiliga 60 foizdan ortiq qarzning besh foizini to‘lashi kerak. 

Barqarorlik pakti Yevropa Ittifoqi tomonidan koronavirus pandemiyasi davrida mamlakatlarga iqtisodiyotga yordam berish uchun milliardlab dollar qarz olishga ruxsat berish maqsadida to‘xtatilgan edi. Avvalgi qoidalarga qaytish Yevropaning iqtisodiy tiklanishi uchun xavfli hisoblanadi, deya ta’kidlaydi dpa agentligi. 19 dekabr kuni Germaniya va Fransiya moliya vazirlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng kelishilgan yangi qoidalar barqarorlik paktining asosiy parametrlarini saqlab qoladi, biroq COVID-19 inqirozi va Ukrainadagi urush tufayli qarzdorlik darajasi yuqori bo‘lgan davlatlar uchun qarzlar va budjet taqchilligini kamaytirishda ko‘proq moslashuvchanlikni ta’minlaydi.

Endi bo‘lajak islohot Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar va Yevropa parlamenti tomonidan ma’qullanishi kerak. Nazariy jihatdan, u 2024 yil bahorining oxirida kuchga kirishi mumkin. 

Mavzuga oid