Jahon | 23:04 / 22.12.2023
10075
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina xorijdagi erkaklarni safarbar qilish bo‘yicha qonun loyihasini tayyorlamoqda 

Chet eldagi ukrainalik erkaklar xuddi vatanidagi kabi identifikatsiya qilish tartib-qoidalaridan o‘tishi kerak bo‘ladi. 

Foto: Getty Images

Ukraina Oliy Radasi mamlakat Mudofaa vazirligi bilan birgalikda xorijdagi ukrainalik erkaklarni safarbar qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini tayyorlash ustida ishlamoqda. Bu haqda Radaning Milliy xavfsizlik, mudofaa va razvedka qo‘mitasi vakili Vadim Ivchenko xabar berdi.

«Bu keng qamrovli qonun loyihasidir, uni deputatlar, Mudofaa vazirligi va Bosh shtabning butun jamoasi birgalikda ishlab chiqmoqda», dedi deputat. 

Unga ko‘ra, qonun loyihasini 2024 yil yanvar oyida ovozga qo‘yish rejalashtirilmoqda. 

«Chet eldagi ukrainaliklar ham vatanidagi kabi identifikatsiya qilish tartib-qoidalaridan o‘tishlari kerak. Agar kimdir safarbarlikka majburlar ro‘yxatiga kiritilsa, albatta chaqiruv qog‘ozi oladi. Bu oddiy jarayon. Keyin esa u tanlashi kerak: Ukrainaga qaytib kelish yoki chet elda qolish. Agar xorijda qolsa, Ukraina qonunchiligini buzgan bo‘ladi», deb tushuntirdi Ivchenko. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, xorijda qolganlarga konsullik xizmati ko‘rsatilmasligi mumkin. Ya’ni, unda hujjatlar bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘ladi. Shuningdek, bank kartalari ham bloklanishi mumkin. 

Hujjat hali parlamentda ro‘yxatdan o‘tkazilishi, ikki o‘qishda muhokama qilinishi va prezident imzosini olishi kerak.

Mavzuga oid