AQSh Rossiya mudofaa sanoatiga yordam bergan moliya institutlariga qarshi sanksiyalar kiritishi mumkin
AQSh prezidenti Baydenning farmoni, agar moliyaviy institutlar Rossiya harbiy-sanoat kompleksi manfaatlarini ko‘zlab operatsiyalarni amalga oshirgan bo‘lsa, ularga nisbatan sanksiyalar qo‘llash mumkinligini ko‘rsatadi.
AQSh prezidenti Jozef Bayden 22 dekabr, juma kuni xorijiy moliya institutlari Rossiya harbiy-sanoat kompleksi manfaatlarini ko‘zlab, Rossiyaning Ukrainaga qarshi harakatlarini qo‘llab-quvvatlasa, ularga nisbatan sanksiyalar qo‘llash imkonini beruvchi farmonni imzoladi. Vashingtonning Rossiya mudofaa sanoati manfaati yo‘lidagi faoliyat uchun sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan «har qanday shaxs manfaatlarini ko‘zlab yoki nomidan muhim operatsiyalarni» amalga oshirgan yoki bunday operatsiyalarni amalga oshirishga yordam bergan, amalga oshirishga hissa qo‘shgan moliyaviy institutlar cheklovlarga duch kelishi mumkin, deyiladi hujjatda.
Bundan tashqari, operatsiyalarni amalga oshiradigan yoki «Rossiya harbiy-sanoat bazasi bilan bog‘liq har qanday xizmatlarni, shu jumladan to‘g‘ridan to‘g‘ri va bilvosita sotish, yetkazib berish yoki Rossiya Federatsiyasiga har qanday tovarlar yoki tovarlar sinfini o‘tkazish» bilan bog‘liq moliyaviy institutlar jazoga tortilishi mumkin.
Taqiqlarni buzgani uchun bu banklar AQSh moliya tizimidan uzilishi mumkin. Sanksiyalar, xususan, hisobraqam ochishni taqiqlash yoki ulardan foydalanishni cheklash, shuningdek, bunday tashkilotlarning Qo‘shma Shtatlardagi mulkini bloklashni o‘z ichiga oladi.
Shu bilan birga, Oq uy rahbari Rossiyadan baliq va dengiz mahsulotlarining ayrim toifalarini, shuningdek, Rossiya Federatsiyasidan olmoslarni AQShga olib kirishni taqiqladi. Ushbu tovarlarni o‘z ichiga olgan mahsulotlarni import qilish ham cheklangan.
Moliya vazirligi rahbari Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tish xavfi haqida ogohlantirdi
Vashington va hamkorlar tomonidan kiritilgan cheklovlar natijasida Moskva sanksiyalardan qochish va harbiy ishlab chiqarish uchun muhim tovarlarni sotib olishni davom ettirish uchun uchinchi mamlakatlarga ma’lum savdo va moliyaviy oqimlarni tobora ko‘proq o‘tkazmoqda, deya ma’lum qildi AQSh moliya vaziri Janet Yyellen. Qo‘shma Shtatlar moliya institutlari Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishda ishtirok etmaslik uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishini kutmoqda, deya qo‘shimcha qildi Moliya vazirligi rahbari. «Biz Rossiya urush mashinasi ta’minotiga yordam beradigan moliyaviy institutlarga qarshi qat’iy va maqsadli choralar ko‘rish uchun yangi vositalardan foydalanishdan to‘xtamaymiz», dedi Yyellen.
Mavzuga oid
22:10 / 16.11.2024
Abxaziyada to‘polon: mahalliy aholi Rossiya bilan kelishuvdan norozi
21:19 / 16.11.2024
Tramp Oq uy tarixidagi eng yosh matbuot kotibini tayinladi
20:17 / 16.11.2024
Sanksiyalar Rossiyaning yirik gaz loyihasini cho‘ktirib yubormoqda - OAV
18:18 / 16.11.2024