Jahon | 21:32 / 24.12.2023
14257
9 daqiqa o‘qiladi

Yaqin Sharqdagi vaziyat: TsAHAL G‘azo shimolida nazorat o‘rnatganini aytmoqda; Qizil dengizda savdo kemalari o‘qqa tutilmoqda

Foto: Reuters

Isroil armiyasi G‘azoning shimoliy qismida deyarli to‘liq operativ nazoratga erishgani va quruqlik amaliyotini sektorning boshqa hududlariga ham kengaytirishga tayyorlanayotganini ma’lum qildi. Bu vaqtda Yamanda Eron qo‘llovida harakatlanuvchi husiychilar raketa va dronlar bilan Qizil dengizdagi savdo kemalarini o‘qqa tutishni davom ettirmoqda.

TsAHAL G‘azo shimolini nazorat qilayotganini aytgan bo‘lsa-da, Reuters agentligi xabariga ko‘ra, bu hududga havo zarbalari yo‘llanishi to‘xtagani yo‘q. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, yakshanbaga o‘tar kechasi isroilliklar G‘azoning Isroil bilan shimoliy chegarasi yaqinidagi Jabaliya shahri hududini o‘qqa tutgan.

Jabaliyaliklar esa isroilliklarning tanklari ham shaharga kirgani va o‘t ochayotgani haqida xabar berishgan.

Isroil harbiylari ma’lumotlariga ko‘ra, TsAHAL G‘azoda katta qarshilikka duch kelmoqda. Isroil mudofaa armiyasi sektordagi janglar vaqtida yana to‘qqiz askari halok bo‘lganini xabar qilgan, endilikda jami yo‘qotishlar soni 154 nafarni tashkil etmoqda.

Isroil harbiy amaliyot va G‘azoga bostirib kirish boshlanganidan buyon 700 nafar falastinlik qo‘lga olinganini ma’ulm qilgan. HAMAS esa isroillik harbiylar asosan ayollar va bolalarni o‘ldirayotganini iddao qiladi.

Isroil amaliyot davomida G‘azoning shimoliy hududlari aholisini xavfsiz joylarga ketishga chaqirib keladi. Isroillik harbiylar sohil bo‘ylab joylashgan anklavning markaziy va janubiy qismlaridagi nishonlarga ham zarba bermoqda.

Isroil armiyasi HAMASning G‘azo shahrining Issa tumanidagi tunnellari aks etgani aytilgan videoni namoyish etdi. Ammo Reuters agentligi videodagi joy va sana haqidagi ma’lumotlarni tasdiqlay olmagan.

Isroil hamaschilarni tunnellar va boshqa harbiy infratuzilma obektlarini tinch aholidan jonli qalqon sifatida foydalanish uchun turar joylar hududlariga joylashtirishda ayblaydi, HAMAS esa bu ayblovlarni rad etadi.

HAMAS isroilliklarning aviazarbalari tufayli garovdagi besh nafar isroillik uchun mas’ul bo‘lgan guruh bilan aloqani yo‘qotganini ma’lum qilgan. Isroil harbiylari vakili esa bu da’voni HAMAS tomonidan «psixologik terrorizm» deb baholagan.

Falastinliklarning sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, G‘azoda halok bo‘lganlar soni 20 258 kishiga yetdi.

Yana minglab jasadlar vayronalar ostida qolib ketgan. Vazirlikning shanba kungi ma’lumotnomasida aytilishicha, bir kunning o‘zida yana 201 kishi o‘ldirilgan va 368 kishi yaralangan. G‘azoda yashovchi 2,3 mln kishining deyarli barchasi o‘z uylarini vaqtincha tark etishga majbur bo‘lgan.

Diplomatik sa’y-harakatlar

Shanba kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va AQSh prezidenti Jo Bayden telefon orqali Isroilning G‘azodagi amaliyotini muhokama qildi.

Oq uy xabariga ko‘ra, Bayden va Netanyahu Isroil harbiy amaliyotining «maqsadlari va bosqichlari», tinch aholini himoya qilish va HAMAS qo‘lida qolayotgan asirlarni qutqarish zarurati haqida gaplashishgan.

Bayden «tinch aholini, shu jumladan insonparvarlik yordami bo‘yicha amaliyotlarda qatnashayotganlarni himoya qilish muhimligi hamda tinch aholiga harbiy harakatlar davom etayotgan hududlardan xavfsiz tarzda chiqish imkoniyatini taqdim etish zaruratini qayd etdi», deyiladi Oq uy xabarida.

Ko‘plab falastinliklar G‘azo shimolidan sektor janubiga qochib o‘tishga majbur bo‘lishgan. Foto: EPA

Netanyahu, o‘z navbatida, «Isroil urushni o‘zining barcha maqsadlariga to‘liq erishguniga qadar davom ettirishini aniq bildirdi», deyiladi bosh vazir ofisida.

Isroilning asosiy ittifoqchisi sanaladigan Vashington Tel-Avivdagi hukumatni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirmoqda, ammo G‘azoda qurbonlar soni oshayotgani va gumanitar inqiroz chuqurlashayotganidan xavotir bildirmoqda. Amerika rasmiy shaxslari Isroil tez orada urush shiddatini so‘ndirib, TsAHAL amaliyotlari faqatgina HAMAS rahbariyati va uning infratuzilmalariga qaratilishini kutmoqda

Bayden jurnalistlarga «o‘t ochishni to‘xtatishni so‘ramagani»ni aytgan, Netanyahuning ofisi esa bosh vazir AQShning BMT Xavfsizlik kengashidagi pozitsiyasi uchun Baydenga minnatdorchilik bildirgani haqida xabar bergan.

Juma kuni bir necha kunlik muzokaralardan so‘ng BMT Xavfsizlik kengashi Amerikaning muqarrar vetosidan qochish uchun rezolyutsiya loyihasidan urushni zudlik bilan to‘xtatish chaqirig‘ini chiqarib tashladi. AQSh va Isroil o‘t ochishni to‘xtatishga qarshi va bu HAMAS qayta guruhlanishi va qayta qurollanishi uchun imkon berishini aytadi.

Vashington G‘azoga «xavfsiz, to‘siqsiz va kengaytirilgan gumanitar yordam kirishi hamda harbiy harakatlarni to‘xtatish uchun shart-sharoit yaratilishi»ni ta’minlash uchun zarur choralar ko‘rishni talab qiluvchi yakuniy bayonotda ishtirok etmadi.

Kemalarga yangi hujumlar

Bu vaqtda esa Eron qo‘llovida harakatlanadigan yamanlik husiychilar Qizil dengizdagi savdo kemalarini raketalar va uchuvchisiz uchar qurilmalar bilan o‘qqa tutishda davom etmoqda.

G‘azoda qurolli mojaro boshlanganidan keyin Yamandagi isyonchilar HAMAS bilan birdamligini izhor etgan va Isroilga aloqador bo‘lgan har qanday kemaga zarbalar yo‘llashni va’da qilgandi.

AQSh markaziy qo‘mondonligi xabar qilishicha, shanba kuni «Yamanning husiychilar nazorat qiladigan hududidan Qizil dengizning janubiy qismi tomon kemalarga qarshi ikkita ballistik raketa uchirilgan, ballistik raketalardan birorta kema shikastlanmagan».

Amerika nashrlarida tarqalgan xabarga ko‘ra, ushbu hududda navbatchilikda turgan USS Laboon harbiy kemasi «Yamanning husiychilar nazorati ostidagi qismidan Amerika kemalari tomon yo‘nalgan to‘rtta uchuvchisiz uchish apparatni urib tushirgan».

Shanba kunining ikkinchi yarmida Qizil dengiz janubidagi ikkita tanker dronlar hujumi haqida xabar berdi. Ulardan biri kemaga kelib urilishi oqibatida jabrlanganlar bo‘lmagan; ikkinchi kemaga zarba yetib kelmagan.

Amerikalik harbiylarga ko‘ra, shu kuni Hind okeanida Eron hududidan uchirilgan dron qulagan, u kimyoviy mahsulotlar ortilgan Chem Pluto tankeriga urilgan. Bu mahalliy vaqt bilan 23 dekabr kuni soat 10:00 atrofida (06:00 GMT)Hindiston qirg‘og‘idan 200 dengiz milyasi (370 km) masofada sodir bo‘lgan. Natijada tanker bortida yong‘in kelib chiqqan, ammo u tezda o‘chirilgan, jarohat olganlar yo‘q.

Shanba kuni Vashington Eron Qizil dengizdagi tijorat kemalariga qarshi amaliyotlarni rejalashtirishga «jiddiy aloqadorligi»ni ma’lum qildi.

Oq uyning Milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha matbuot kotibi Edriyenn Uotsonning ta’kidlashicha, bu «Eronning husiychilarning mintaqadagi beqarorlashtiruvchi harakatlarini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish bo‘yicha uzoq muddatli kampaniyasining bir qismidir».

Eron hech qanday izoh bermagan. Ammo brigada generali, Islom inqilobi muhofizlari korpusi rahbari Muhammad Rizo Nakdi agar «Amerika va uning ittifoqchilari G‘azoda jinoyatlar sodir etishni davom ettirsa», Eron Qizil dengizdan boshqa suv yo‘llarini ham yopishga majbur qilishidan ogohlantirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu O‘rta Yer dengizi va Gibraltar bo‘g‘oziga ham taalluqli, ammo general boshqa tafsilotlarni keltirmagan.

O‘tgan haftada dunyoning eng yirik kemachilik kompaniyalari Yaman tomondan raketa va dronlar orqali zarbalar davom etayotgani tufayli o‘z kemalarini Qizil dengizni aylanib o‘tgan holda yo‘naltira boshlagandi. AQSh va Yevropadagilar tijoriy yuk tashishni muhofaza qilish uchun mintaqada tezkor harakat kuchlarini tashkil etish imkoniyatini muhokama qilmoqda.

Mavzuga oid