Jahon | 08:50 / 25.12.2023
4351
2 daqiqa o‘qiladi

Belarusda bir yil davomida mamlakatga qaytgan 125 kishi qo‘lga olindi

«Vyasna» markazi huquq himoyachilariga ko‘ra, ko‘plab Belarus fuqarolari xorijdan qaytganidan keyin nazorat punktlarida yoki bir necha kundan keyin qo‘lga olingan.

Foto: gpk.gov.by

2023 yilda Belarusning kamida 125 nafar fuqarosi xorijdan mamlakatga qaytganidan so‘ng qo‘lga olindi, deb xabar berdi «Vyasna» inson huquqlari markazi Telegram’da 24 dekabr, yakshanba kuni. Belaruslar ushlanishi bo‘yicha holatlarning aksariyati ularning telefoni KGB yoki bojxona xodimlari tomonidan tekshirilgandan keyin sodir bo‘lgan. 

Keyinroq qo‘lga olinganlarning ko‘pchiligi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 19.11-moddasi («Ekstremistik faoliyatga chaqiriqlarni o‘z ichiga olgan yoki bunday faoliyatni targ‘ib qiluvchi axborot mahsulotlarini tarqatish, tayyorlash, saqlash, tashish») bo‘yicha ma’muriy javobgarlikka tortildi. «Ular asosan Litvadan qaytganidan keyin qo‘lga olinadi, ammo tekshiruvlar va ushlashlar barcha mavjud nazorat punktlarida sodir bo‘lyapti, jumladan, Rossiya bilan chegaradagi tekshiruvlardan so‘ng ham qo‘lga olish holatlari kuzatilyapti», dedi huquq himoyachilari. 

Belaruslarga chet elda pasport olish taqiqlangan

2023 yil sentabr oyidan boshlab Belarus fuqarolari chet eldagi elchixonalar va konsulliklarda pasportlarini almashtira olmaydi yoki yangilay olmaydi, buning uchun ular Belarusga shaxsan kelishi kerak. Huquq himoyachilarining ta’kidlashicha, bu talab Lukashenko rejimiga qarshi chiqqan va jinoiy ish qo‘zg‘atish tahdidi ostida Belarusni tark etishga majbur bo‘lgan mamlakat fuqarolarini ta’qib qilishga qaratilgan. 

Germaniya Ichki ishlar vazirligining DW nashriga ma’lum qilishicha, Germaniyada qonuniy istiqomat qilayotgan Belarus fuqarolari siyosiy ta’qiblar tufayli o‘z vataniga pasport olish uchun qaytib bora olmasa, ular Germaniyada chet elliklar uchun sayohat hujjati (Reiseausweis für Ausländer) olish uchun ariza topshirishi mumkin. Har bir ariza alohida ko‘rib chiqiladi. 

Mavzuga oid