Jahon | 11:03 / 25.12.2023
7214
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azo sektori janubiga hujumlarini kuchaytiryapti

TsAHAL asosiy e’tiborini hamaschilarning janubiy tayanch nuqtasi bo‘lgan Xon Yunus shahrini egallashga qaratmoqda. G‘azo sektori shimolidagi janglar shiddati biroz pasaydi, dedi Isroil armiyasi vakili.

Foto: Global Look Press/Xinhua

Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) G‘azo sektori janubida HAMAS harakatiga qarshi hujum amaliyotlarini kuchaytirmoqda. Bu haqda TsAHAL vakili Jonatan Konrikus 24 dekabr, yakshanba kuni Amerikaning Fox News telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi. 

«Biz janubga qarab harakatlanmoqdamiz va operatsiya asosiy kuchlarini HAMASning boshqa tayanch nuqtasi – Xon Yunusga jamlayapmiz», dedi u. Konrikusning qo‘shimcha qilishicha, G‘azo sektori shimolidagi janglar «shiddati biroz pasaydi».

Bir necha soat avval Isroil armiyasi 23 dekabr kuni G‘azo sektorida yana to‘qqiz nafar isroillik askar halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi. Bu HAMASga qarshi operatsiya boshlanganidan beri bir kun ichida halok bo‘lgan TsAHAL askar va zobitlarining eng ko‘p soni. Shu tariqa, isroillik qurbonlar soni 152 kishiga yetdi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 20 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid