Jahon | 15:07 / 25.12.2023
10532
4 daqiqa o‘qiladi

Isroilning qochqinlar lageriga yo‘llagan zarbasi oqibatida 70 kishi halok bo‘lgani xabar qilindi

Isroil harbiylari bu ma’lumot tekshirilayotganini ma’lum qilgan.

Foto: AP

HAMAS nazorati ostidagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qilishicha, Isroil sektor markaziy qismidagi Al-Mag‘oziy qochqinlar lageriga zarba yo‘llagan. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida kamida 70 kishi halok bo‘lgan.

Vazirlik vakili Ashraf Al-Qudraning ma’lum qilishicha, ushbu hududda aholi tig‘iz yashagani inobatga olinsa, qurbonlar soni katta ehtimol bilan oshib boradi.

Isroillik harbiylar BBC nashriga zarba haqida kelib tushayotgan ma’lumotlar o‘rganilayotganini bildirgan.

Zarba haqidagi dastlabki xabarlar Isroildagi va arab nashrlari G‘azo sektori bilan chegaradosh hisoblangan Misr Isroil va HAMAS o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha yangi taklifini ilgari surgani haqida yozishi ortidan kela boshladi.

Xabar qilinishicha, o‘nlab yaradorlar Al-Mag‘oziydan Al-Aqso shifoxonasiga yetkazilgan. Hospitalda olingan kadrlarda yuzi qonga belangan bolalarni va jasadlar uchun qoplarni ko‘rish mumkin.

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi vakili Ashraf Al-Qudraning so‘zlariga ko‘ra, zarba oqibatida aholi tig‘iz yashovchi kvartal vayron bo‘lgan.

Foto: Getty Images

Mahalliy aholi vakillaridan biri zarba oqibatida qizi va nabirasini yo‘qotganini aytgan hamda uning oilasi G‘azoning shimoliy hududidan xavfsiz joy qidirib sektor markaziga qochib kelgan bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.

«Ular binolardan birining uchinchi qavatida turishardi. Devor ularning ustiga quladi. Nabiram, qizim, uning eri — barchasi halok bo‘lishdi», — degan u.

«Biz barchamiz nishonmiz. Tinch aholi vakillari ta’qib qilinmoqda. Xavfsiz joyning o‘zi yo‘q. Ular bizga G‘azoni tark etish kerakligini aytishgandi — endi biz o‘lish uchun sektor markaziga kelganmiz», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Falastin Qizil Yarim oy jamiyati ma’lum qilishicha, Isroilning «intensiv» aviazarbalari Al-Mag‘oziy va boshqa ikkita qochqinlar lageri — Al-Burayj va An-Nuseyrat o‘rtasida asosiy yo‘llar yopilishiga olib kelgan — «tez yordam mashinalari va qutqaruv jamoalari harakatiga to‘sqinlik qilmaslik uchun».

Isroillik harbiylar BBC so‘roviga javoban «Al-Mag‘oziy lagerida sodir bo‘lgan hodisa bo‘yicha ma’lumot olingani»ni ma’lum qilgan.

«G‘azoning tinch aholi yashaydigan hududlarida harakatlanayotgan HAMAS terrorchilari tomonidan yuzaga keltirilgan muammolarga qaramay, TsAHAL [Isroil mudofaa kuchlari] xalqaro huquqqa, jumladan, tinch aholiga zararni minimallashtirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rishga sodiqdir», — deya qo‘shimcha qilingan TsAHAL bayonotida.

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, 7 oktyabrdan buyon sektorda 20 000 dan ortiq kishi (asosan bolalar va ayollar) halok bo‘lib, 54 000 ming kishi yaralangan. Isroilda 1 200 kishi halok bo‘lgan, yana 240 kishi garovga olingan.

Yakshanba kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu hozirgi urush uning mamlakatiga «juda qimmatga tushayotgani», ammo unda kurashni davom ettirishdan bo‘lak yo‘l yo‘qligini aytgandi.

TsAHAL ma’lumotlariga ko‘ra, juma kunidan buyon G‘azo sektorida o‘ndan ortiq askar halok bo‘lib, amaliyot boshlanganidan buyon halok bo‘lgan harbiylar soni 156 nafarga yetdi.

Mavzuga oid