O‘zbekiston | 17:13 / 26.12.2023
7002
2 daqiqa o‘qiladi

“Faqat isrof qilmaslik uchungina suvning narxini ko‘tarish to‘g‘ri emas” – ekofaol

Mo‘tabar Xushvaqtovaga ko‘ra, isrof qilmaslik uchungina narxlarni oshirishmas, balki uzoq muddatga mo‘ljallangan dastur asosida narxlarni ko‘tarish suvni tejashda samarali bo‘lishi mumkin.

“Ular” podkastining suv va ekologiyaga bag‘ishlangan sonida qatnashgan ekofaol Mo‘tabar Xushvaqtova suvni isrof qilmaslik uchun uning narxini qimmatlashtirish kerakligi, lekin bu maqsadli bo‘lishi zarurligi haqida aytib o‘tdi.

“Ko‘p chet davlatlarda ichimlik suvi qimmat. Kichik bir shisha suv ham anchagina pul turadi. Bizda esa ichimlik suvi juda arzon. Narxning ko‘tarilishi uning qadrlanishiga olib kelishi mumkin. Lekin xalqqa qiyin bo‘ladi. Shuning uchun narx ko‘tarilgani hisobiga tushadigan pul to‘g‘ri ishlatilishi kerak, kimningdir cho‘ntagiga kirishi yo korrupsiya ichida yo‘qolib ketmasligi kerak.

Xalqni qiynab pulini olyapsizmi, uzoq muddatga mo‘ljallangan dastur ishlab chiqib, keyin narxni ko‘tarishingiz kerak. Faqatgina isrof qilmaslik uchungina suvning narxini ko‘tarish kerakmas”, dedi ekofaol.

Mo‘tabar Xushvaqtova tabiatni asrash birinchi navbatda odamlar uchun muhim ekanini aytib o‘tdi.

“Masalan, Orol qurigan bo‘lsa ham, uning hududida hali ham hayot bor, jonzotlar, o‘simliklar mavjud. U yerdan faqatgina odamlar ketgan xolos. Odamlar zarar ko‘rgan. Ekologik muammolar odamlarning ichadigan suvini, yeydigan ovqatini olib qo‘yadi. Shuning uchun tabiat bizning asrashimizga muhtoj emas, biz bunga muhtojmiz”, dedi u.

Mo‘tabar ekologiyani asrash targ‘iboti pand-nasihat ruhidagi chaqiriqlardan iborat bo‘lmasligi, bu xalq yaxshi ko‘radigan yo‘nalishdagi yumorlar, qo‘shiq va turli roliklar bilan olib borilishi kerak deb hisoblaydi.

Podkastning shu sonida ekologiya vazirligi maslahatchisi Rasul Kusherbayev ekologiya nazorat organini hukumat tarkibidan chiqarishni taklif qilgandi. 

Mavzuga oid