Jahon | 13:51 / 26.12.2023
6101
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina harbiy xizmatga chaqiruv maksimal yoshini pasaytirmoqchi

Ukraina vazirlar mahkamasi Radaga safarbarlik va harbiy ro‘yxatga olishni takomillashtirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etdi. Muddatli harbiy xizmatga chaqiruv maksimal yoshini 25 yoshgacha pasaytirish, elektron chaqiruv qog‘ozlarini joriy etish va harbiy xizmatdan bo‘yin tovlaganlarning huquqlarini cheklash taklif etilmoqda.

Foto: Ben Birchall/POOL/AFP via Getty Images

25 dekabr, dushanba kuni Ukraina vazirlar mahkamasi Oliy radaga safarbarlik va harbiy ro‘yxatga olishni takomillashtirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini kiritdi. Qonun loyihasi Ukraina parlamenti saytida 10378 raqam bilan ro‘yxatdan o‘tgan. Hujjat matni e’lon qilinmagan, biroq «Gromadske» nashri jurnalistlari unga tushuntirish xati bilan tanishish imkoniga ega bo‘lgan. Unda qonunchilikka kiritilishi taklif etilayotgan asosiy o‘zgartirishlar sanab o‘tilgan.

Xususan, harbiy xizmatga chaqiruv eng yuqori yoshini 27 yoshdan 25 yoshga pasaytirish ko‘zda tutilgan. Shundan keyin erkaklar harbiy xizmatga emas, balki safarbarlikka chaqiriladi. Hududiy shakllantirish punktlariga chaqiruv varaqalarini, jumladan muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchi yoki zaxiradagi harbiy xizmatchining elektron kabineti yoki elektron pochta manziliga yuborish taklif etilmoqda. Qonun loyihasida, shuningdek, harbiy ro‘yxatga olishdan yoki harbiy xizmatdan bo‘yin tovlagan Ukraina fuqarolarining huquqlariga cheklovlar ham ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, barcha ta’lim muassasalarida Ukrainaning 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan barcha fuqarolari uchun uch oygacha bo‘lgan asosiy umumqo‘shin tayyorgarligini joriy etish, harbiy xizmatga cheklangan yaroqlilik to‘g‘risidagi xulosalarni harbiy-tibbiy komissiyalar xulosalar ro‘yxatidan chiqarib tashlash taklif etiladi.

Tushuntirish xatida qayd etilishicha, qonun loyihasi «Ukrainaga qarshi qurolli tajovuzni qaytarishda harbiy qismlarni tegishli kadrlar bilan ta’minlash» uchun shart-sharoit yaratishga qaratilgan, deb yozadi «Gromadske».

Ukrainada yana yarim million fuqaroni safarbarlikka chaqirish taklif etilyapti

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 19 dekabr kuni Oliy qo‘mondonlik shtabining yig‘ilishida qo‘shimcha 450-500 ming kishini safarbar qilish taklifi bilan chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar buni «davlat himoyasi va potensial qarshi hujum harakatlari» uchun taklif etgan. Zelenskiy e’lon qilingan raqamni «juda jiddiy» deb atadi va buning uchun «ko‘proq dalillar» talab qildi.

DW bilan suhbatlashgan ekspertlar g‘oyaning amalga oshirilishi borasida turli fikrlar bildirdi. Ukrainalik publitsist va olim, jangovar harakatlar faxriysi Yevgeniy Dikiyning ta’kidlashicha, bu to‘g‘ri tayyorgarlik holatida «mutlaqo real» hamda frontda jismoniy va ruhiy holdan toygan askarlarni almashtirish imkonini beradi. Shu bilan birga, Ukraina Qurolli kuchlari general-mayori Dmitriy Marchenko odamlarni armiyaga jalb qilish bilan bog‘liq muammolarni keltirdi. SASE-Ukraina jamoat tashkilotidan Vladimir Dubrovskiyning hisob-kitoblariga ko‘ra, yangi harbiy xizmatchilar maoshi yiliga 170 milliard grivnani talab qiladi va yarim million kishining safarbar etilishi Ukraina yalpi ichki mahsuloti taxminan 10 foizga pasayishiga olib keladi.

Mavzuga oid