Yaponiya dunyodagi eng qudratli atom elektr stansiyasining ishlashiga ruxsat berdi
Kasivadzaki-Kariva AES xavfsizlik talablariga mos deb topildi.
Yaponiyaning Atom energiyasini nazorat qilish qo‘mitasi Niigata prefekturasida joylashgan dunyodagi eng qudratli «Kasivadzaki-Kariva» atom elektr stansiyasining ishlashiga qo‘yilgan taqiqni olib tashladi.
2021 yil aprel oyida xavfsizlik qoidalari buzilgani sababli stansiyaning ishlashi amalda taqiqlangan va qo‘mita stansiyaga yadro yoqilg‘isini berishdan bosh tortgan edi.
Shundan beri yadroviy nazorat organi xodimlari Tokyo Electric Power (TEPCO) kompaniyasi tomonidan kamchiliklarni bartaraf qilish jarayonini kuzatish uchun stansiyada ko‘plab tekshiruvlar o‘tkazdi.
Ikki yildan ortiq vaqt davomida TEPCO atom elektr stansiyasi xavfsizligini yaxshilashda muvaffaqiyatga erishdi. Xususan, terrorchilik xuruji va bo‘ronli ob-havoga qarshi chora-tadbirlar kuchaytirildi, yadroviy materiallarni himoya qilish uskunalari takomillashtirildi. Yaponiya Vazirlar Mahkamasi bosh kotibi Yoshimasa Xayashi Tokiodagi matbuot anjumanida hukumat «Kasivadzaki-Kariva»da xavfsizlikni yaxshilashga katta ahamiyat berishini va mamlakatdagi atom elektr stansiyalarini bosqichma-bosqich qayta ishga tushirish siyosatini davom ettirish niyatida ekanini ta’kidladi.
Endi stansiyani qayta ishga tushirish uchun Niigata prefekturasining tegishli qarori talab qilinadi.
«Kasivadzaki-Kariva» atom elektr stansiyasi Yaponiya dengizi sohilida joylashgan. U yettita yadro reaktorining umumiy quvvati bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi, bu 8,2 ming MVt dan oshadi. Hozir stansiyadagi barcha energiya bloklari to‘xtatilgan.
Avvalroq, Yaponiya hukumati o‘z energetika siyosatini qayta ko‘rib chiqishni boshladi. Jumladan, yangi AES qurilishidan voz kechish, shuningdek, 2011 yilda Fukusima-1 AES avariyasidan keyin yopilgan reaktorlarni qayta ishga tushirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirish. Ro‘yxatga, xususan, «Kasivadzaki-Kariva» stansiyasining oltinchi va yettinchi energobloklari ham kiritilgan edi.
Mavzuga oid
18:48 / 14.11.2024
Subaru kosmik teleskopi noyob halqasimon galaktikani aniqladi
21:18 / 13.11.2024
Yaponiyada seysmik yoriqlar tufayli yadroviy reaktorni qayta ishga tushirishga ruxsat berilmadi
19:55 / 11.11.2024
Yaponiyada Ishiba hukumatining yangi tarkibi tasdiqlandi
17:59 / 11.11.2024