Jahon | 13:55 / 28.12.2023
9427
4 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azo sektoridagi quruqlik amaliyotini kengaytirmoqda

Isroil quruqlikdagi yurishlarini kengaytirmoqda va faollashtirmoqda – so‘nggi kunlarda amaliyot isroillik harbiylar HAMAS a’zolari yashiringanini taxmin qilayotgan G‘azo sektori markaziy qismidagi qochqinlar lageriga ham tarqaldi.

Foto: Reuters

Shu kunlarda Isroil HAMAS bilan urush bir necha oyga cho‘zilishi mumkinligi haqida rasman ogohlantirgandi.

BMT so‘nggi kunlarda isroilliklarning aviazarbalari oqibatida uchta qochqinlar lagerida o‘nlab kishilar halok bo‘lgani to‘g‘risida tarqalgan xabarlardan keyin jiddiy xavotir bildirgan.

Janubda, Xon Yunis shahri hududida ham og‘ir janglar olib borilmoqda.

G‘azo sektori sog‘liqni saqlash vazirligi 11 haftadan buyon davom etayotgan harbiy harakatlar chog‘ida halok bo‘lganlar soni 21 ming kishidan oshgani – ularning aksar qismi ayollar va bolalar ekani haqida ma’lum qilgan.

G‘azo sektorining markaziy qismida nimalar bo‘lmoqda?

Falastin nashrlari mahalliy rasmiylar va guvohlarga tayanib xabar berishicha, G‘azo sektori bo‘ylab o‘tgan tunda ham davom etgan zarbalar oqibatida tinch aholi vakillari bo‘lgan o‘nlab kishilar halok bo‘lgan.

Markaziy tumanlar va bir qancha lagerlar kuchli bombardimonga uchragani xabar qilingan. Falastin axborot agentliklari Al-Nuseyratda bir necha kishi o‘limi va o‘nlab kishilar jarohatlanishiga olib kelgan zarbalar, shuningdek Al-Mag‘oziyda qizlar uchun maktabga zarba oqibatida besh kishi halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqatgan.

Mahalliy aholi vakillari Reuters agentligiga Al-Burayj lageridan sharqda va shimolda shiddatli janglar ketayotgani haqida xabar berishgan.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi (OHCHR) «Chegara bilmas shifokorlar» (MSF)ning yakshanba kuni Isroil aviazarbasi oqibatida shifoxonalardan biriga 131 jasad olib kelingani haqidagi hisobotiga tayangan holda sektor markazidagi aholi zich yashaydigan lagerlar bombardimon qilinishidan xavotirda ekanini bildirgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti shuningdek, G‘azo markazidagi uchta lagerni birlashtiruvchi barcha yo‘llar vayron bo‘lgani, faoliyat ko‘rsatayotgan boshpanalar va shifoxonalar to‘lib-toshgani va resurslar yetishmovchiligidan aziyat chekayotganini, «halokatli gumanitar vaziyat og‘irlashib borayotgani» haqida ogohlantirgan.

Isroil G‘azo sektorining markaziy qismidagi hududlardan aholini evakuatsiya qilishga buyruq bergan, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bu hududlarda 150 mingdan ortiq kishi yashaydi. Foto: EPA

Isroilning izohi

Isroil mudofaa kuchlari rasmiysi Daniel Hagari seshanba kuni kechqurun Isroil armiyasi «harbiy harakatlarni Markaziy lager sifatida tanilgan hududga qadar kengaytirgani»ni ma’lum qildi.

TsAHAL shuningdek seshanba kuni mahalliy aholiga sektorning sharqiy chegarasidan sohilga qadar cho‘zilgan hududdagi o‘ndan ortiq markaziy tumanlarni, jumladan Al-Burayj va Al-Nuseyrat lagerlarini ham tark etish tavsiya etilgani haqida ma’lum qildi.

O‘z navbatida TsAHAL bosh shtabi boshlig‘i Gersi Halevi HAMASga qarshi harbiy harakatlar «murakkab hududlar»da olib borilayotgani va shu tufayli bu yana bir necha oyga cho‘zilishi mumkinligini qayd etgan.

«Terrorchi tashkilotni tubdan yo‘q qilish uchun astoydil va qat’iy kurashishdan boshqa sehrli yoki qisqa yo‘l yo‘q, shuning uchun biz juda va juda qat’iymiz. Biz HAMAS rahbariyatiga ham yetib boramiz», – deya qo‘shimcha qilgan u.

Foto: Getty Images

Mavzuga oid