O‘zbekiston | 21:13 / 28.12.2023
13677
5 daqiqa o‘qiladi

So‘rovnoma: O‘zbekistonlik ekspertlar 2024 yilda qanday o‘zgarishlarni kutmoqda?

Faol o‘zbekistonliklardan 2023 yilda O‘zbekistonda sodir bo‘lgan o‘zgarishlar, yangi yil uchun kutilmalari haqida so‘raldi. Asosiy o‘zgarishlar: yangilangan Konstitutsiya, ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun, Ijtimoiy himoya milliy agentligi. Asosiy kutilma - korrupsiyaga qarshi kurash.

Foto: Yuksalish harakati

«Yuksalish» umummilliy harakati fuqarolik jamiyati, biznes, OAV vakillari va ekspertlarning 2023 yilda O‘zbekistonda qanday o‘zgarishlar yuz bergani hamda 2024 yilda yana nimalar o‘zgarishini kutayotgani haqidagi fikrini bilish maqsadida so‘rov o‘tkazdi. Asosiy kutilmalar – korrupsiyaga qarshi kurash bilan bog‘liq.

So‘rovda jamoat arboblari, siyosatchilar, jurnalistlar, blogerlar, nodavlat notijorat tashkilotlari, biznes va akademik hamjamiyatning 260 nafar vakillari ishtirok etdi. Ular orasida Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova, O‘zA Bosh direktori birinchi o‘rinbosari Xushnud Xudoyberdiyev, siyosatshunos-ekspertlar Kamoliddin Robbimov, Farhod Tolipov, Yuriy Saruxanyan, deputat Doniyor G‘aniyev, inson huquqlari bo‘yicha yurist Dilfuza Qurolova, gender masalalari bo‘yicha ekspert Kamola Aliyeva, jurnalist va blogerlar Muhrim A’zamxo‘jayev, Qobil Xidirov, Yorqin Sodiqov, Aziz Qarshiyev, NNT rahbarlari Oybek Isoqov, Natalya Sviridova va boshqalar bor.

Respondentlarga har bir taqdim etilgan savollar javoblarini 3 tagacha tanlash, shuningdek, boshqa, ya’ni o‘z taklifini kiritish imkoni berildi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, mamlakatda yakunlanayotgan yilning asosiy o‘zgarishlari quyidagilar:

  • Referendum o‘tkazilib, Konstitutsiya yangi tahrirda qabul qilingani – 70,3 foiz;
  • Ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qiluvchi qonun kuchga kirgani – 59,7 foiz;
  • Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilgani – 45,9 foiz.

Shuningdek, ekspertlar joriy yilda O‘zbekistonda energetika tizimini yaxshilash, xususan, yirik quvvatdagi quyosh va shamol elektr stansiyalari foydalanishga topshirilgani (36,2 foiz), uyushgan jinoyatchilikka qat’iy kurashish, «ko‘cha» jinoiy guruhlaridan tozalanayotgani (33,2 foiz), Davlat bayrog‘i maqomi oshirilishi, bayroqdan keng foydalanish imkoniyati yaratilgani (32,1 foiz)ni e’tirof etgan. 

Ayrim respondentlar qo‘shni davlatlar bilan aloqalar mustahkamlanishi, O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasi delimitatsiyasi va ikki davlat fuqarolarining chegaradan ID-karta orqali o‘tish imkoniyati yaratilgani hamda ma’muriy islohotlar – hukumatga bo‘ysunuvchi davlat boshqaruv organlari soni 61 tadan 28 taga kamaytirilishi avvalgi yillardagi takliflarning ijobiy natijasi deb hisoblagan.

«2024 yilda qanday islohotlarni kutyapsiz?»

Bu savolga respondentlarning 63,3 foizi «Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish, barcha bo‘g‘inlarda “tozalovlar” o‘tkazish» degan javobni tanlagan.

So‘rov ishtirokchilarining 61 foizi elektr va gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolarga batamom barham berish, 47,2 foizi ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish va zamonaviylashtirish kerak, degan fikrda.

Eng ko‘p tanlangan javoblar orasida oziq-ovqat narxlarini barqarorlashtirish, inflatsiyaning oldini olish ham bor (45,3 foiz).

So‘rov ishtirokchilari, shuningdek, bo‘lajak islohotlar uchun strategik rejalashtirishni yo‘lga qo‘yishni, siyosiy partiyalar faoliyati uchun raqobatbardosh siyosiy muhit shakllantirishni, korrupsiyaga barham berish uchun hokimlar, tibbiyot muassasalarining bosh shifokorlari, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlarini har ikki yilda bir rotatsiya qilish zarur, degan fikrlarni qoldirishgan.

Ta’kidlash o‘rinliki, avvalgi so‘rovda ham ekspertlar 2023 yilda eng avval korrupsiyaga qarshi aniq va amaliy choralar bilan kurashish kerak, deb hisoblagandi (respondentlarning 49,7 foizi shu javobni tanlagan). Yil davomida bu borada salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, «Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni imzolandi. Barcha davlat idoralarida komplayens va samaradorlikni baholash reyting tizimlari yo‘lga qo‘yildi. Davlat xaridlari to‘liq raqamlashtirildi. Korrupsiyaviy ayblovlar bilan bir nechta jinoiy guruhlar, mansabdorlar jazoga tortilmoqda.

Joriy yilda mamlakat Open Data Inventory reytingida 30-o‘ringa ko‘tarildi. 2030 yilga qadar Transparency International indeksida o‘rnimizni yana 50 pog‘onaga yaxshilash maqsadi qo‘yilgan.

Aksariyat respondentlar 2024 yilda ekologik muammolarni bartaraf etishda tub burilish yasash, oshkora va adolatli parlament saylovlarini o‘tkazish masalalariga e’tibor qaratilishiga urg‘u berishgan.

«Ta’kidlash lozimki, ekspertlar so‘nggi paytlardagi rus siyosatchilarining agressiv chiqishlari fonida “Armiya qudratini oshirish”ni ham 2024 yil uchun ustuvor vazifalardan biri sifatida belgiladi», deyiladi «Yuksalish» harakati matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid