O‘zbekiston | 10:47 / 02.01.2024
7311
14 daqiqa o‘qiladi

Megatirbandlik, mingta avtobus va qulab tushgan yo‘l o‘tkazgich – 2023 yilda transport sohasida nimalar yuz berdi?

2023 yil O‘zbekiston transport tizimi uchun ham esda qolarli hodisalarga boy bo‘ldi. Toshkentga mingta yangi avtobus olib kelindi, so‘nggi 11 oyda ular bilan yuzga yaqin avariyalar yuz berdi. Poytaxtda avtomobillarning misli ko‘rilmagan katta tirbandligi yuzaga keldi. Toshkent xalqaro aeroportiga olib o‘tuvchi yangi qurilayotgan yo‘l o‘tkazgich qulab tushdi. Kun.uz yakunlangan yilning transport sohasidagi eng muhim voqealarini esladi.

Foto: Kun.uz

Poytaxtga mingta yangi avtobuslar olib kelindi

2023 yilda O‘zbekistonning transport sohasiga taalluqli dastlabki yangiliklar jamoat transporti bilan bog‘lanadi. O‘tgan qish mavsumining anomal sovug‘i sabab shahar ko‘chalarida yengil avtomobillar harakatlana olmagandi, natijada aholining jamoat transportiga bo‘lgan ehtiyoji keskin oshib, avtobuslar yuklamani ko‘tara olmagandi.

Muammoning yechimi sifatida mingta avtobus olib kelish topshirig‘i berildi. Mart oyining so‘ngidan boshlab avtobuslarning dastlabki partiyalari kela boshladi va 20 apreldan 400 ta yangi avtobus yo‘nalishlarga chiqarildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirga kelib avtobuslarning jami soni eski tarkiblar bilan birga 1 959 taga, tashish sig‘imi esa 155 ming nafarga yetgan. Yangi tarkiblarning 500 tasi katta sig‘imli Yutong va 200 tasi o‘ta katta sig‘imli (18 metrli “garmoshka”) King Long, 302 tasi esa Yutong elektrobuslari hisoblanadi. Ular orasida bir dona “garmoshkali” elektrobus ham bor.

Jamoat transporti soni oshgani yaxshi, ammo oxirgi vaqtlarda ular bilan ko‘plab YTHlar sodir bo‘layotgani ko‘ngilni biroz xira qiladi. “Toshshahartransxizmat” AJning ochiqlashicha, salkam bir yil davomida avtobuslar bilan 94 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan, ularning 34 tasi avtobus haydovchilarining aybi bilan yuzaga kelgan. Kun.uz AJ matbuot xizmati bilan bog‘lanib, bu halokatlarning qancha qismi yangi va eski avtobuslar bilan sodir bo‘lgani, oqibatda qancha harakat tarkiblariga shikast yetgani-yu, yo‘llarga chiqa olmayotgani yuzasidan so‘rov jo‘natdi. Ammo hanuzgacha bu savollarga javob berilgani yo‘q.

Metro liniyasi kengaydi, ammo poyezdlar muddatini o‘tab bo‘lyapti

Jamoat transportini rivojlantirishda qo‘yilgan keyingi qadam, albatta, yerusti halqa yo‘li liniyasining 2-bosqichi yakunlanishi bo‘ldi. Birinchi bosqich, ya’ni “Do‘stlik”dan “Qo‘yliq” metro bekatigacha bo‘lgan liniya 2020 yil avgust oyida foydalanishga topshirilgandi.

Ikkinchi bosqich, Qo‘yliqdan Sergeligacha bo‘lgan liniyaning dastlab 5 ta metro bekati aprel oyida bitkazildi. Shu dahadan Sergeligacha bo‘lgan “Turon” va “Qipchoq” metro bekatlari esa dekabr oyida sinov tariqasida ish boshladi.

Ma’lumot uchun, bu yo‘nalishda jami 7 ta bekat bo‘lib, uning uzunligi 12 kilometr. Ayni kunda Toshkent metropolitenidagi liniyalar uzunligi 70 kmdan ziyod, undagi bekatlar soni 50 tani tashkil etadi.

Bekatlar soni ortgani metropoliten yutug‘i bo‘lsa-da, undagi poyezdlarning eskirgani ko‘plab texnik nosozliklarga sabab bo‘lmoqda. Buni shu yil oktyabr oyida o‘tgan matbuot anjumanida ham tan olishgandi. Mas’ullarga ko‘ra, metropoliten tasarrufida hozirgi kunda 256 ta vagon mavjud bo‘lsa, shularning 75 foizi 80-89-yillarda ishlab chiqarilgan. Bu vagonlarning xizmat qilish muddati o‘tgan bo‘lsa-da, ulardan hanuzgacha foydalanilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil so‘ngigacha poytaxt metropoliteniga 14 ta yangi harakat tarkibi olib kelinishi haqida o‘tgan yili dekabrning oxirida ma’lumot berilgandi. Yil tugadi hamki, ularning birortasi hali keltirilganicha yo‘q.

Jamoat transporti ustuvorligi uchun “kechikkan” ishlar

Poytaxtda avtobuslarga ustuvorlik berish maqsadida ayrim ko‘chalarda “A” harfi tushirilgan maxsus yo‘laklar tashkil etildi. Unda yengil avtomobillar harakatlanishi taqiqlanib (yon tomonga qayrilish, yo‘lovchi olish yoki tushirish holatlari mustasno), buning uchun jarima ham belgilandi. Nazorat va chora ko‘rish mexanizmi sifatida bu yo‘laklarning ro‘parasiga kameralar o‘rnatildi. Ammo bir yil davomida bu kameralarda qayd etilgan qoidabuzarliklarga chora ko‘rilmagani sabab yo‘llarda avtomobillarning avtobus harakatlanishiga xalal berish holatlari yuzaga keldi, oqibatda esa YTH soni oshdi.

Mas’ullar bunga aytarli “bahona” keltira olishmadi. Biri “kamera ishlayapti, jarima qo‘llanyapti”, desa, yana biri “kameralar to‘liq almashtirilyapti”, qabilidagi javoblarni berdi.

Vaholanki, yaqindagina ularning haqiqatan ishlayotgani, qancha haydovchiga jazo chorasi qo‘llanayotganini ma’lum qilishdi. Demak, shu vaqtgacha nazorat mexanizmi avtomatlashtirilmay, “qo‘l boshqaruvi”da qolib ketgan, halokatlar esa sodir bo‘lavergan.

Avtobuslar uchun “zapravka”lar hanuzgacha qurib bitkazilmadi

2017 yil mart oyida Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan qilingan 129-sonli qarorga ko‘ra, poytaxtdagi avtobuslarni siqilgan tabiiy gazda ishlashga o‘tkazish maqsadida avtobus saroylari filiallarida DXSh asosida shoxobchalar tashkil etish belgilangandi. 2023 yil yakuniga kelib ham bu amalga oshmadi.  

Kun.uzʼga kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, “Toshshshahartransxizmat” AJ hamda tadbirkorlar o‘rtasidagi nizo sabab bu ish ortga surilib kelmoqda. Tabiiy gazda yuradigan avtobuslar uchun “zapravka” muammosi haligacha kun tartibida.

Uzoq kutilgan moslashuvchan tariflar

Prezidentning tegishli qarori bilan 2023 yil 1 apreldan yangi tariflar amaliyotda qo‘llanishi kerak edi. 8 oylik kechikishdan so‘ng, 1 noyabrdan Toshkentda jamoat transporti yo‘lkira narxlari o‘zgardi. Bir turdagi jamoat transportida qatnov uchun qat’iy belgilangan yo‘l haqi – naqd to‘lashda 2000 so‘m, bank va ATTO transport kartasi bilan to‘lashda 1700 so‘m etib belgilandi. Moslashuvchan narxlar doirasida kunlik, oylik va yillik tariflar hamda bir soat ichidagi almashishlar uchun chegirmalar ham joriy etildi.

Yangi tarif tizimi joriy etilishining asosiy maqsad-mazmuni aholi mobilligini rag‘batlantirish hisoblanadi. Bu shaxsiy transport jozibadorligini kamaytirish, jamoat transportidan foydalanuvchilar sonini oshirishga xizmat qiladi.

Qog‘ozda qolayotgan parkomatlar

Shuningdek, avtomobil jozibadorligini kamaytirishda “parkovka”larni pulli qilish juda ahamiyatli. Prezidentning 111-sonli qaroriga asosan, Toshkentda yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlar 2022 yilning noyabr oyidayoq joriy etilishi kerak edi. Parkomatlar shaharning qaysi ko‘chalarida tashkil etilishi ham e’lon qilingandi. Lekin bu loyiha ham hanuzgacha kechiktirilmoqda.

Transport vazirligi huzuridagi Toshkent shahar transport tizimini kompleks rivojlantirish loyiha ofisi rahbari Murod Obidov loyihani amalga oshirishga “normativ-huquqiy bazadagi muammo” xalal berayotganini, qonunchilikda bu boradagi tartib ishlab chiqilmagani sabab jarayon cho‘zilayotganini aytgandi.

“Biz Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritish kerak bo‘lgan normalarni ishlab chiqib, vazirlik va idoralar bilan kelishish uchun kiritdik. Bu jarayonning o‘z reglamenti bor, afsuski, qonunchilikka o‘zgartirish kiritish tez bo‘ladigan jarayon emas”, – degandi mas’ul.

Ko‘p qavatli avtoturargohlar-chi?

59-sonli yana bir prezident qaroriga ko‘ra, Toshkentda ko‘p qavatli avtoturargohlar qurilishi kerak. Qaror 16 fevralda qabul qilingan bo‘lsa, 1 oy muddatda loyiha ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi lozim edi.

Bu haqdagi savolga Murod Obidov yer ajratish masalasi so‘roq ostida ekani bilan javob bergandi. U bu borada Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Qurilish vazirligi va Kadastr agentligi mas’ul ekanini aytib o‘tgandi.

Vaholanki, transport vaziri Ilhom Mahkamov apreldagi intervyusida ko‘p qavatli avtoturargohlar quriladigan manzillar ham, qaror loyihasi ham tayyor ekanini aytgandi.

Toshkentda yuzaga kelgan “megatirbandlik”

Har yili yangi o‘quv yili boshlangach bosh shaharda tirbandliklar yuzaga kelishi normal holatga aylandi. Ammo bu yil oktyabrdagi tirbandlik rekord darajada bo‘ldi. Keng jamoatchilik bu xaosni “megatirbandlik” deb atadi.

Transport vazirligi bunga bir nechta asosiy ko‘chalardagi qurilish-ta’mirlash ishlari sabab bo‘lganini, boshqa ko‘chalardagi mavjud oqimga qo‘shimcha yuklama hosil qilganini aytib chiqdi. Natijada Alisher Navoiy, Labzak, Sag‘bon, Saqichmon, Mehrjon, Kichik halqa yo‘li, 8 mart, Shota Rustaveli, Bobur, Oybek, Arnasoy, Istiqbol, Muqimiy–Nukus hamda Nurafshon aylanma ko‘chalari orqali harakatlanuvchi 70 dan ortiq avtobus yo‘nalishlarida kunning tig‘iz paytida qatnov hamda oraliq interval vaqtlariga rioya etish imkoni bo‘lmagan.

Lekin shaharsozlar muammo yuzaga kelish sababini qurilish ishlari bilan emas, balki chorraha, yo‘llar bilan bog‘lashmoqda. Ya’ni yo‘llarning kengligi, avtomobillar jozibadorligini kamaytirishga urinmaslik va piyodalar uchun ustuvorlik mavjud emasligi asosiy katta muammo bo‘lib qolaveradi.

Temiryo‘llardagi maishiy korrupsiya va yangi tariflar siyosati

Bu yilda “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ ham bir muddat trendda bo‘lib turdi. Dastlabki holat taniqli rus blogeri Ilya Varlamov bilan bog‘liq. O‘shanda Varlamov “Toshkent-Samarqand” yo‘nalishidagi poyezdning “lyuks” kupesi uchun chipta narxi 100 dollardan qimmat ekanini, ammo undagi sharoitlar talabga javob bermasligini aytgandi.

Keyinroq “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ munosabat bildirib, holat bo‘yicha tezkor yig‘ilish o‘tkazilganini, kamchiliklar uchun o‘sha paytda xizmat vazifasini olib borgan vagon kuzatuvchilari va poyezd boshlig‘iga qat’iy intizomiy jazo qo‘llanganini ma’lum qilgandi.

Chipta narxi 100 AQSh dollaridan oshiqligi haqidagi gaplarning esa mas’ullar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini, sayyoh bu yo‘nalish uchun chiptani Rossiya Federatsiyasining “RJD” saytidan elektron tarzda 4213,9 rublga rasmiylashtirganini ta’kidlagandi.

Keyingi holatda gollandiyalik sayyoh “Afrosiyob” elektropoyezdining VIP klassiga o‘tish uchun poyezd boshlig‘iga qo‘shimcha 15 dollar pul bergandi. Voqeadan 4 kun o‘tib xodim ishdan olingandi.

So‘ng tarmoqlarda turk sayyohining Andijonga ketayotgan poyezdda joyini almashtirish uchun 100 ming so‘m pora bergani aytilgan video tarqaldi. Mas’ullar video qaysi kun, qaysi poyezd va vagonda olinganini bilmagani uchun holatni isbotlay olmagani va aybdorni topa olmaganini ma’lum qilishgandi.

Shunday holatlar fonida 20 oktyabrdan tezyurar va yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarining chipta narxlari mos ravishda 50, 100 foizga oshirilishi kerak edi. Ammo yangi tariflar hech qanday xabarsiz 1 noyabrdan kuchga kiritildi. Faqat avval qilingan narxlarda emas. Bunda “Sharq”, “Nasaf” tezyurar poyezdlari uchun chiptalar 30-35 foizga, “Afrosiyob”niki esa 60 foizga qimmatladi.

“O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ raisining birinchi o‘rinbosari Hikmatilla Rahmetov narxlar masalasiga munosabat bildirib, buni oxirgi 6 yil, ya’ni 2017 yildan beri oshirilmay kelgani bilan bog‘ladi. Uning aytishicha, shu bois ham sohaning yuk tashish (80 foiz zarar) va yo‘lovchi tashish faoliyati zararga ishlagan.

Shuningdek, u chipta narxlarining arzonligi uning qo‘lma-qo‘l bo‘lib, chayqovchilar tomonidan sotilishiga sabab bo‘lishini ta’kidlagandi. Qizig‘i, zararga ishlayotgan va mavjud vagonlarning kreditlarini qoplamagan soha uchun har oy 4-5 ta vagon sotib olinishi, ularning sonini yiliga 70 taga yetkazish aytilgandi. Ammo buni qanday amalga oshirish borasida aniq rejalar taqdim etilmagandi.

Bosh aeroport yo‘lida qurilayotgan ko‘prik quladi

Avgust oyida kuni Toshkent shahar hokimiyati “Yagona buyurtmachi xizmati” IK buyurtmachiligida “Ko‘prikqurilish” tresti UK tomonidan qurilayotgan Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasidan Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga olib boruvchi yo‘l o‘tkazgichining 5 ta ustuni qulab tushdi. Voqea ehtiyotsizlik sabab yuzaga kelgani ma’lum qilindi.

Keyinroq holat yuzasidan jinoiy ish ochilgandi. O‘shanda yetkazilgan zarar miqdori 2 mlrd 760 mln so‘mga baholangani, holat bo‘yicha uch nafar shaxs gumondor sifatida ushlangani aytilgandi. Biroq hozirda bu ish qaysi bosqichdaligi, dastlabki tergov natijalari ma’lum qilinmadi.

Ammo yo‘l o‘tkazgichining birinchi bosqich qurilish-montaj ishlari yakunlanib, tanklar bilan sinab ko‘rildi. Sinov natijalariga ko‘ra, o‘tkazgich mustahkam ekani aniqlangandi.

Toshkent xalqaro aeroporti kengayadi

Transport sohasidagi yana bir katta loyihalardan biri poytaxt xalqaro aeroportining kengayishi bo‘ldi. Unga ko‘ra, keng ko‘lamli qurilish va rekonstruksiya ishlari 2 bosqichda amalga oshiriladi va 2025 yilning oxiriga qadar davom etadi. Mazkur ishlar yakuniga yetgach, o‘tkazish imkoniyati yiliga 13 million yo‘lovchiga yetkaziladi. Loyiha doirasida nimalar qilinishi batafsil ochiqlangan, ammo uning “ega”lari borasida hech narsa ma’lum emas.

Kun.uz bu borada “Uzbekistan Airports”ga yo‘llagan savollari esa javobsiz qoldirildi.

Mavzuga oid