Jahon | 10:39 / 03.01.2024
4363
3 daqiqa o‘qiladi

BMT maxsus ma’ruzachisi Rossiyani qamoqqa tashlangan shoirlarni ozod qilishga chaqirdi

«Qo‘rquvni keltirib chiqaradigan va boshqalarni urushga qarshi chiqishdan qaytarish uchun uyushtirilgan soxta sud jarayonlari qo‘rqitish vositasiga aylandi», dedi Mariana Katsarova.

Artem Kamardin va Yegor Shtovba Foto: BMT

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Rossiyadagi inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Rossiya hukumatini «Mayakovskiy ishi» yuzasidan ayblanuvchilarni - ko‘p yillik qamoq jazosiga hukm qilingan ikki rus shoirini zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi. Mariana Katsarova 2 yanvar, seshanba kuni Jyenevada Artem Kamardin va Igor Shtovbaga chiqarilgan hukm «so‘z erkinligini himoya qilish bo‘yicha xalqaro standartlarga aniq zid keladi» dedi. U Rossiya hukumatini, shuningdek, Artem Kamardin hibsga olinganda unga nisbatan qo‘llangan qiynoqlar va shafqatsiz munosabat haqidagi da’volarni «zudlik bilan tekshirish»ga chaqirdi. 

«Ayblovlar xarakteri, hukmlar og‘irligi va «yashirin guvoh» ko‘rsatmalariga asoslangan sud jarayonining o‘zi butun Rossiya jamiyatiga aniq signal yuboradi: she’r, san’at yoki boshqa yo‘llar bilan norozilikni ifoda etish shakllari jiddiy oqibatlarga olib keladi», dedi Katsarova. «Soxta sud jarayonlari qo‘rqitish va boshqalarni urushga qarshi chiqishdan tiyib turish vositasiga aylandi», dedi BMT maxsus ma’ruzachisi. 

Ikki shoir urushga qarshi she’rlari uchun sudlandi

33 yoshli Artem Kamardin, 23 yoshli Yegor Shtovba va 27 yoshli Nikolay Dayneko 2022 yil sentabr oyi oxirida «Mayakovskiy o‘qishlari» – Triumfalnaya maydonida shoir Vladimir Mayakovskiy haykali yonida bo‘lib o‘tgan she’riyat kechalarida qatnashgani uchun qo‘lga olingan edi. 

Bunga aksiya davomida Kamardinning Donbass haqida she’rlarini o‘qigani sabab bo‘ldi. Avvaliga shoirlarga nisbatan «LXR» va «DXR» qurolli tuzilmalari a’zolarini kamsitganlik uchun ish ochildi. Ushlash chog‘ida Kamardin kaltaklangan va uning so‘zlariga ko‘ra, zo‘rlangan, shundan so‘ng kamera oldida kechirim so‘rashga majbur qilingan.

2023 yil mart oyida ayblov «davlatga qarshi faoliyatga chaqirish» to‘g‘risidagi moddaga o‘zgartirildi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Kamardinning jinoyati shundaki, u she’rida chaqiruv qog‘ozini olmaslik va ular asosida harbiy xizmatga bormaslikni tavsiya qilgan. Shtovbani uning sherigi deb atashgan. Dayneko esa may oyida to‘rt yillik qamoq jazosiga hukm qilindi, uning ishi tergov bilan kelishuvga erishganidan keyin alohida yurituvga olindi. 28 dekabr kuni Moskvaning Tver tuman sudi Kamardinni yetti yilga, Shtovbani besh yarim yilga ozodlikdan mahrum qildi. 

Mavzuga oid