Jahon | 08:03 / 03.01.2024
11758
3 daqiqa o‘qiladi

Livanda HAMAS siyosiy byurosi rahbari o‘rinbosari o‘ldirildi

Solih al-Aruriy Isroil droni HAMASning Bayrutdagi qarorgohiga hujum qilishi oqibatida halok bo‘ldi.

Foto: Reuters

2 yanvar, seshanba kuni Bayrut janubiy chekkasidagi Dahiya hududida sodir bo‘lgan portlash natijasida Falastinning HAMAS tashkiloti siyosiy byurosi rahbari o‘rinbosari Solih al-Aruriy halok bo‘ldi. Dahiya chekkasi Livanning «Hizbulloh» guruhi tomonidan nazorat qilinadi. 57 yoshli al-Aruriy va uning ikki sherigi vafot etgani haqida, xususan, Al Arabiya arab telekanali xabar berdi. Unga ko‘ra, portlash Isroil dronining HAMAS qarorgohiga bergan zarbasi natijasida sodir bo‘lgan. O‘z navbatida Livanning Al Mayadeen telekanali aniqlik kiritishicha, Isroilning uchuvchisiz uchog‘i HAMAS idorasiga uchta raketa bilan hujum qilgan. HAMAS al-Aruriyning o‘limini tasdiqladi. Livan armiyasi portlash sodir bo‘lgan joyga qo‘shimcha kuchlarni yubordi. 

Al-Aruriy HAMAS iyerarxik tuzilmasidagi ikkinchi shaxs edi. Isroil uni Iordan daryosi G‘arbiy sohilidagi qator hujumlar tashkilotchisi va mintaqada HAMAS harbiy bo‘linmasi faoliyati uchun mas’ul deb hisoblagan. Uzoq vaqt davomida Isroil maxsus xizmatlari uni yo‘q qilish obekti sifatida ko‘rib chiqqan. HAMASning Isroilga hujumidan oldin bosh vazir Benyamin Netanyahu al-Aruriy «o‘zi va do‘stlari nima uchun yashirinishi kerakligini juda yaxshi bilishini» aytdi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 22 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid