Jahon | 20:21 / 04.01.2024
15839
10 daqiqa o‘qiladi

Erondagi terakt, rektorlarni iste’foga chiqarayotgan AQSh va Ilon Maskning yangi tashabbusi - kun dayjesti

Ayni daqiqalargacha jahonda ro‘y bergan eng muhim yangiliklar, voqealar, hodisalar va bayonotlar jamlangan kunlik dayjestimizni odatdagidek e’tiboringizga havola qilamiz.

Erondagi terakt

Eronning Kirmon shahrida 4 yil muqaddam o‘ldirilgan general Qosim Sulaymoniy dafn etilgan Gulzori Shahidaiy qabristoni yonida portlash ro‘y berib, generalni xotirlash uchun borayotgan olomon ichida qurbonlarga sabab bo‘lgan.

Eron sog‘liqni saqlash vaziri Barhom Aynullohiy portlash qurbonlari soni 103 kishidan oshganini xabar qildi. Yarador bo‘lganlar soni 180 dan oshadi.

Guvohlarga ko‘ra, qabriston darvozasi yaqiniga o‘rnatilgan ikkita sumka portlagan.

Eron ichki ishlar vaziri Ahmad Vohidiy «Eron xavfsizlik kuchlari imkon qadar tez fursatlar ichida portlash uchun mas’ul bo‘lganlarga javoban qaqshatqich va qat’iy zarba berishi»ni va’da qilgan. Eron Bosh prokuraturasi terakt bo‘yicha ish ochib, tergov-surishtiruv ishlarini boshlagan.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va boshqalar Eron prezidenti Ibrohim Raisiyga terakt qurbonlari sabab hamdardlik bildirishgan.

Turli manbalarga ko‘ra, ushbu teraktning Isroil maxsus kuchlari, Suriyadagi Eronga qarshi IShID jangarilari amalga oshirgan bo‘lishi mumkin, degan versiya ilgari surilmoqda. AQSh va Isroil Erondagi teraktga aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi.

Eronda terakt qurbonlari xotirasiga bugun motam kuni deb e’lon qilindi. 

G‘azo aholisini deportatsiya qilish

Birlashgan Millatlar Tashkiloti G‘azo aholisini majburlab anklavdan deportatsiya qilishni genotsidga tenglashtirdi. Deportatsiya qilingan odamlarni qabul qilishga rozilik bergan davlatlar esa genotsid jinoyatining sheriklari hisoblanadi, dedi BMTning maxsus dokladchisi Balakrishnan Rajagopal.

Bu deportatsiyaning genotsid deb topilishiga asosiy sabab — G‘azo aholisining katta qismi bolalardan iborat ekanida.

Avvalroq Isroilning o‘ta radikal o‘ng millatchilar partiyalaridan chiqqan ikki vaziri — moliya vaziri, «Ha-Tsiyonut ha-Datit» («Diniy sionizm») partiyasi yetakchisi Betsalel Smotrich va ichki xavfsizlik vaziri, «Otsma Yahudit» («Kuchli Isroil») Itamar ben Gvir G‘azo sektoridan falastinliklarni boshqa bir davlatga majburiy-ixtiyoriy deportatsiya qilish haqida gapirgan edi.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ham «aybdorlarni jazoga tortish kerakligi»ni ta’kidlagan.

Yevroittifoq diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel ham Isroil vazirlarining bu «mas’uliyatsiz va provokatsion bayonotlari»ni keskin qoralagan.

Garchi AQSh ham bu bayonotlarni qoralagan bo‘lsa-da, davlat departamenti esa hozircha G‘azo sektorida hech qanday genotsid alomatlari ko‘rinmayotganini ta’kidlagan.

Darvoqe, BMT xalqaro sudi 11-12 yanvar kunlari Janubiy Afrika Respublikasining G‘azodagi vaziyat bo‘yicha Isroilga qarshi bergan da’vo arizasini ko‘rib chiqa boshlaydi. 

AQShda rektorlar iste’fo bermoqda

Harvard universiteti prezidenti AQShning yahudiy lobbisi bosimi ostida o‘z lavozimini tark etdi.

Harvard universiteti prezidenti Klodin Gey xonim antisemitizmda ayblangach, iste’foga chiqdi. O‘z bayonotida u o‘z qarorini «tasvirlab bo‘lmas darajada qiyin» deb atab, bu ishga u «Harvard manfaatlari» hamda «universitet hamjamiyati bu favqulodda chaqiruv onlarini alohida bir insonga e’tibor qaratib emas, ta’lim muassasasiga diqqat-eʼtiborni jamlab qarshi olishlari uchun» qo‘l urganini aytgan.

Isroil G‘azoga bostirib kirgach, AQShdagi yetakchi universitetlar talabalar hamjamiyatlari va o‘qituvchilar ittifoqi G‘azodagi qon to‘kilishini to‘xtatishga chorlab chiqishlar qila boshlagan. Bu esa Kongressdagi isroilparast vakillar va AQShdagi juda kuchli yahudiylar lobbisi tomonidan antisemitizm ko‘rinishi sifatida qabul qilingan.

Harvard prezidenti Klodin Gey, Pensilvaniya universiteti prezidenti Liz Megill va Massachusets texnologiya instituti prezidenti Salli Kornblut AQSh vakillar palatasiga eshitish uchun chaqirilgan va qattiq so‘rov va bosim ostiga tushirilgan. Ularda «urushni to‘xtatish» talabi «yahudiylarni genotsid qilish» bilan teng narsa ekanini tan olishdan boshqa iloj qolmagan.

Professorlarning «fikr bildirish erkinligini himoya qilish hisobga olinishi lozimligi» to‘g‘risidagi e’tirozlariga javoban kongressmenlar ularni antisemitizmda ayblay boshlagan. Eshitishlardan so‘ng Kongress a’zolaridan 70 kishi uch universitet kengashlaridan prezidentlarni ishdan bo‘shatishni talab qilgan. Liz Megill allaqachon iste’foga chiqarilgan. Klodin Gey ikkinchi bo‘ldi. 

Rossiya-Ukraina urushi

AQSh Rossiyada Ukraina bo‘yicha muzokaralarga tayyorlik alomati ko‘rmayapti, — degan Oq uyning milliy xavfsizlik kengashi strategik kommunikatsiyalar koordinatori Jon Kirbi.

«Turli ommaviy axborot vositalarida janob Putin kutilmaganda muzokaralar haqida gap ochgani haqida xabarlar chiqdi, lekin u o‘zini muzokaralarga tayyor odam singari tutmayapti», — degan Jon Kirbi Rossiyaning 29 dekabr va 2 yanvar kuni Ukrainaga yoppa raketa va dronlar zarbasiga ishora qilib.

Uzoq tanaffusdan keyin Rossiya va Ukraina o‘rtasida yana asirlar almashinuvi amalga oshirildi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 200 dan oshiq ukrainalik harbiy asirlikdan ozod etilganini, Rossiya mudofaa vaziri esa 248 nafar rus askari vatanga qaytganini ma’lum qilgan. Asirlar almashinuvida BAA vositachilik qilgan. 

Qizil dengizdagi vaziyat

Al-Jazeera telekanalining xabar berishicha, Yamanning «Ansorulloh» harakati kuchlari Isroil tomon yo‘l olgan kemaga hujum uyushtirgan.

Yaman tomonidagi manba telekanalga bergan ma’lumotga ko‘ra, ushbu kema Yamanning ogohlantirishlariga quloq solmagan va javob bermagani sababli unga hujum uyushtirilgan.

Yaman armiyasi hozircha bu hujum uchun mas’uliyatni rasman o‘z gardaniga olgani yo‘q. Biroq yaqin soatlar ichida armiya vakili bu borada chiqish qilishi kutilmoqda. 

Rossiya-TVdan voz kechgan Qozog‘iston

Qozog‘istonda Rossiyaning 10 dan ortiq telekanallari efirdan olib tashlandi

Qozog‘iston milliy teleradioeshittirish operatori «Qazteleradio» AJ hamkori «TVCOM» bir qator Rossiya telekanallarini sun’iy yo‘ldosh va internet-televideniyesi – «Birinchi kanal-MDH», «Dom Kino», «Pobeda» va boshqa telekanallarni translatsiya qilishni to‘xtatdi. Kompaniya rahbariyati «axborotga uzatishga ixtisoslashgan xorijiy kanallar ulushini asta-sekin kamaytirayotganini» ma’lum qilgan. Ularning o‘rnini ilmiy-ommabop kanallar egallaydi.

Avvalroq Qozog‘iston hukumati qarori bilan Rossiya Federatsiyasining asosiy targ‘ibot kanallarini efirga uzatuvchi «Sputnik24» portali va «Tsargrad» sayti bloklangan edi.

Darvoqe, Qozog‘istonga oid yana bir xabar.

Mamlakatning amaldagi prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Qozog‘istonda 2026 yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etmasligini bildirdi

To‘qayev konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum o‘tkazish rejasi haqidagi mish-mishlarni rad etdi va prezident faqat bir marta saylanishi mumkin bo‘lgan qoida «endi hech qachon o‘zgarmasligi»ni ta’kidladi. 

Ramzon Qodirovning bayonoti

Checheniston rahbari Ramzon Qodirov respublika kuchishlatar tuzilmalari xodimlarini huquq-tartibot organlaridan qochib yurgan jinoyatchilarning qarindoshlarini jazolashga chaqirgan.

Qodirovning bu mavzuda o‘tkazgan majlisi o‘zining Telegram-kanalida e’lon qilingan.

«Inson hayotiga har qanday tahdid aybdorning qarindoshlariga ham ta’sir qiladi. Yaqin qarindoshlar ularning oilasi vakili nimalar bilan mashg‘ulligini bilish, u uchun mas’ul bo‘lishi kerak, bu asrlar osha chechenlarning odati bo‘lib kelgan», — degan Ramzon Qodirov.

Chechen tilida gapirgan Qodirov qotillikni amalga oshirgan jinoyatchining qarindoshlaridan biri ham o‘ldirilishi kerakligiga shama qilgan.

«Asrlar osha, qarindoshlaridan biri ayb qilsa va jinoyatchini topa olishmasa, uning aka-ukasi yoki otasini o‘ldirishgan. Qonli qasosni shu yo‘l bilan tezgina qaytarishgan», degan Qodirov. 

Ilon Maskdan yangilik

SpaceX smartfonlar ulanishi mumkin bo‘lgan ilk Starlink sun’iy yo‘ldoshlarini uchirdi.

«Bu Yer kurrasining istalgan nuqtasida mobil telefonlar orqali internetga ulanish imkoniyatini beradi», — deb yozgan Ilon Mask.

Ya’ni endi sun’iy yo‘ldoshli internetga ulanish uchun qabul qiluvchi tovoqlar kerak emas. Smartfon o‘zi to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanadi. 

Rekordni urgan AQSh davlat qarzi

AQSh davlat qarzi tarixiy ko‘rsatkichlarga yetdi va ilk marta 34 trln dollardan oshdi.

2023 yil oxirida davlat qarzi miqdori bir kunda 33,911 trillion dollardan 34,001 trillion dollarga ko‘tarilgan.

Kongressmenlar kelasi hafta federal budjet xarajatlarini muhokama qilish uchun ta’tildan qaytadi.

Mavzuga oid