Jamiyat | 23:02 / 04.01.2024
28429
3 daqiqa o‘qiladi

Namanganda o‘smir otasining mashinasini boshqarib, 4 ta qoidabuzarlik va YTH sodir etdi

U Equinox mashinasining davlat raqamlarini yechib harakatlangan va holatni videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Namanganda avtoraqamsiz holda qoidalarni buzib yurgan Equinox mashinasi tasvirlangan video tarqaldi. Holat yuzasidan IIV YHXBB axborot xizmati ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, videoda tasvirlangan holat 2023 yil sentabr oyida sodir bo‘lgan. 2007 yilda tug‘ilgan o‘smir otasiga tegishli mashinani uydan so‘roqsiz olib chiqqan.

So‘ng uning davlat raqamlarini yechib, shahar ko‘chalari bo‘ylab qoidalarni qo‘pol tarzda buzgan holda harakatlangan. O‘smir holatni videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylagan.

Namangan viloyati IIB YHXB xodimlari tomonidan o‘smir va mashina topilib, unga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgan.

Jumladan, mashina egasiga nisbatan:

·       Davlat raqamlarini o‘zboshimchalik bilan yechib harakatlangani uchun MJtKning 125-moddasi 5-qismi bilan;

·       Haydovchi yoshiga yetmasdan tegishli hujjatlarsiz mashina boshqargani va voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishga topshirgani uchun MJtKning 135-moddasi 2-qismi bilan;

·       Tegishli ruxsat olmasdan mashinaga tovush chiqaruvchi va maxsus yoritish uskunasini o‘rnatgani uchun MJtKning127-moddasi 2-qismi bilan;

·       Yo‘l harakati qoidalarini buzib, avariya holatini keltirib chiqargani uchun MJtKning 128 prim 5-moddasi 2-qismi bilan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Bunday holatda mashina jarima maydoniga joylashtirilishi lozim. Biroq o‘smir yo‘l-transport hodisasiga uchragani va mashina ta’mirda bo‘lgani uchun buning iloji bo‘lmagan.

IIV YHXBB xabarida o‘smir mashinani qanday holatda YTHga uchratgani va unda jabrlanganlar bo‘lganmi yoki yo‘qmi, oydinlik kiritilmagan.

Avvalroq, sobiq amaldorning o‘g‘li ekani taxmin qilinayotgan haydovchi 2024 yil 1 yanvar kuni tunda Namangan shahrida Mercedes-Benz mashinasini davlat raqamini yechib qo‘yib boshqargan va 6 ta qoidabuzarlik sodir etgani haqida xabar bergandik.

Bu haydovchi ham holatni Instagramʼdagi sahifasida jonli yoritib borgan. IIB YHXB xodimlari tomonidan haydovchi topilgan, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rilgan. Mashina jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Mavzuga oid