Jahon | 14:25 / 06.01.2024
7896
2 daqiqa o‘qiladi

Slutskiy va Davankov Rossiya prezidentligiga nomzod bo‘ldi

RLDP rahbari Leonid Slutskiy bilan birga Davlat dumasi vitse-spikeri Vladislav Davankov ham prezident lavozimiga ro‘yxatga olindi. Ikkalasi ham parlamentdagi partiyalar vakillari sifatida imzo to‘plashga majbur bo‘lmadi.

Foto: RIA Novosti

Rossiya Markaziy saylov komissiyasi Davlat dumasining xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Leonid Slutskiy va Davlat dumasi spikeri o‘rinbosari Vladislav Davankovni 2024 yil martida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda prezidentlikka nomzod sifatida ro‘yxatga oldi. Slutskiy - Rossiya Liberal-demokratik partiyasi (RLDP) raisi, Davankov esa - «Novyye lyudi» partiyasidan nomzod. Har ikkisi ham parlamentdagi partiyalarning vakillari bo‘lgani sababli, nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun saylovchilar imzosini to‘plashi talab etilmadi.

Rossiya Federatsiyasi Markaziy saylov komissiyasi «Kommunisty Rossii» partiyasi raisi Sergey Malinkovichning ishonchli vakillarini ham ro‘yxatga oldi – u 28 dekabr kuni nomzod sifatida ko‘rsatilgan. Malinkovich, Slutskiy va Davankovdan farqli o‘laroq, parlament partiyasi vakili emas, shuning uchun 31 yanvargacha uni qo‘llab-quvvatlaganlarning 100 ming imzosini to‘plashi kerak.

MSK Yekaterina Dunsovaga saylovda ishtirok etishga ruxsat bermadi 

Dekabr oyi oxirida Markaziy saylov komissiyasi rjyevlik jurnalist Yekaterina Dunsovaning o‘zini prezidentlikka nomzodini qo‘yish uchun imzo to‘plashiga ruxsat bermadi. Uning hujjatlarida yuzdan ortiq xatolik aniqlangani aytilgan. 

Oradan ko‘p o‘tmay, Markaziy saylov komissiyasi Vladimir Putinning Rossiya prezidenti saylovi uchun ishonchli vakillarini ro‘yxatga oldi. Uning o‘z nomzodini qo‘yishini qo‘llab-quvvatlovchi imzo to‘plash jarayoni 23 dekabr kuni boshlangan. Saylovda nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun har bir mustaqil nomzod 300 ming imzo to‘plashi kerak. 

Rossiya Markaziy saylov komissiyasi prezidentlik saylovini uch kun ichida – 2024 yilning 15 martidan 17 martigacha o‘tkazishga qaror qildi. 

Mavzuga oid