O‘zbekiston | 08:00 / 06.01.2024
10005
3 daqiqa o‘qiladi

Soliq majburiyati bo‘yicha da’vo muddati 5 yildan 3 yilga qisqartirildi

Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, 1 yanvardan soliq organlari tadbirkorlik sub’yektlarining so‘nggi 5 yil emas, balki 3 yil davomidagi faoliyatini tekshirishi mumkin. 

Foto: AP

2024 yil 1 yanvardan boshlab soliq organlari biznesni 5 yil o‘rniga so‘nggi 3 yil uchun tekshirishga haqli. Bu 2023 yil 28 dekabrdagi qonun bilan nazarda tutilgan.

Buxgalter.uz`ning yozishicha, soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddati 5 yildan 3 yilga qisqartirildi. Bu 2024 yildan boshlab soliq yoki boshqa vakolatli organ soliq tekshiruvini faqat 3 yil davomida o‘tkazishga haqli ekanligini anglatadi:

– soliq davri tugaganidan keyin;
– yoki soliq majburiyatining  yuzaga kelishi muayyan voqea yoki harakat bilan bog‘liq bo‘lsa, voqea yoki harakat sodir bo‘lgan paytdan e’tiboran.

Soliq to‘lovchilar va soliq agentlari uchun soliqlar bo‘yicha da’vo muddatini qisqartirish quyidagilarni anglatadi, xususan:

  • endilikda ular soliq hisoboti va soliqlarni hisoblash va to‘lash bilan bog‘liq boshqa hujjatlarni 5 yil emas, balki 3 yil saqlashlari kerak;
  • ortiqcha to‘langan soliq summasini hisobga olish yoki qaytarish to‘g‘risidagi ariza endilikda ushbu summa to‘langan kundan e’tiboran uch yil ichida berilishi mumkin;
  • ortiqcha undirilgan soliq summalarini hisobga olish yoki qaytarish to‘g‘risida ariza undan soliq ortiqcha undirilgani fakti o‘ziga ma’lum bo‘lgan kundan yoki sud qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran uch yil ichida berilishi mumkin;
  • transfert narxni belgilashda soliq tekshiruvi doirasida tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan yildan uch yildan oshmaydigan davrda tuzilgan nazorat qilinadigan bitimlar tekshirilishi mumkin. Tekshirish o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror esa soliq to‘lovchi nazorat qilinadigan bitimlar to‘g‘risida xabarnoma olgan kundan boshlab 3 yildan kechiktirmay chiqarilishi mumkin;
  • agar soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etilgan kundan e’tiboran yoki mazkur huquqbuzarlik sodir etilgan soliq davri tugaganidan keyingi kundan e’tiboran va javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan paytga qadar 3 yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa, javobgarlikka tortish mumkin emas.

O‘zbekiston prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»da soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddatini uch yilga qisqartirish nazarda tutilgan.

Mavzuga oid