Jahon | 00:50 / 06.01.2024
9684
3 daqiqa o‘qiladi

Urushdan keyingi G‘azo uchun «to‘rt burchak rejasi» taklif etildi

Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant urush tugaganidan so‘ng, G‘azo sektorini boshqarish rejasini taklif qildi: HAMAS hududni nazorat qilmaydi, Falastin rahbariyati ma’lum shartlar ostida sektorni boshqaradi, Isroil esa hududdagi xavfsizlikni nazorat qiladi.

Foto: Reuters

Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant urush tugaganidan so‘ng, G‘azo sektorini boshqarish rejasini taklif qildi: HAMAS hududni nazorat qilmaydi, Falastin rahbariyati ma’lum shartlar ostida sektorni boshqaradi, Isroil esa hududdagi xavfsizlikni nazorat qiladi.

BBC xabariga ko‘ra, hujjatning ishchi nomi «to‘rt burchak rejasi» bo‘lib, u to‘rtta asosiy qoidani amalga oshirishni o‘z ichiga oladi.

Birinchidan, Isroil G‘azoda xavfsizlikni ta’minlash uchun mas’ul bo‘ladi.

Ikkinchidan, Isroilning yirik havo hujumlari oqibatida vayron bo‘lgan G‘azo sektori Isroil va xalqaro hamkorlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan qayta tiklanadi.

Uchinchidan, G‘azo sektorining kelajakdagi hayotida Misrga alohida o‘rin ajratiladi. Jumladan, bu davlat Isroil bilan birgalikda G‘azo chegarasidagi asosiy nazorat-o‘tkazish punkti faoliyati uchun mas’ul bo‘lishi kerak.

To‘rtinchidan, G‘azodagi mavjud ma’muriy tuzilmalar faoliyati qo‘llab-quvvatlanadi. Biroq, ulardagi amaldorlar HAMAS harakatiga aloqador bo‘lmasligi lozim.

«G‘azoda falastinliklar yashaydi, shuning uchun boshqaruv mas’uliyati Falastin hukumati zimmasiga tushadi, ammo Isroil davlatiga qarshi zo‘ravonlik va tahdidlardan butunlay voz kechish sharti bilan», dedi Galant.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mudofaa vazirining taklifiga hozircha izoh bermadi.

BBC nashrining qayd qilishicha, Galantning «To‘rt burchak rejasi» ancha mo‘’tadil va amalga oshirilishi mumkindek ko‘rinmoqda. U isroilliklar tomonidan ma’qullanishi mumkin, ammo falastinliklar tomonidan rad etilishi muqarrar.

Falastin ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos bir necha bor Falastin hududlari jumladan, xavfsizlik sohasi Falastin hukumatining to‘liq nazorati ostida bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu avvalroq G‘azo sektorining kelajagi o‘ta muhim masala ekanini, biroq u urush tugaganidan keyingina hal bo‘lishini aytgan edi. Uning fikricha, urushning asosiy maqsadi – HAMAS harakatini to‘liq yo‘q qilish.

Mavzuga oid