Putin halok bo‘lgan harbiylarning bevalari bilan uchrashdi, Moskva markazida piketlar davom etmoqda. Urush suratlari
Ukrainada urushning 682-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
Rossiya mudofaa vazirligi Qrim ustida ukrainlarning to‘rtta raketasi to‘xtatilgani, keyin Qora dengiz ustida kemalarga qarshi oltita raketa urib tushirilgani haqida hisobot berdi. Ukraina qurolli kuchlari Qrimdagi Saki harbiy aerodromiga zarba berilganini ma’lum qilgan.
Donetsk oblastining Pokrovsk rayoni Rossiya qo‘shinlari tomonidan o‘qqa tutilishi oqibatida 11 kishi halok bo‘ldi, shundan besh nafari bolalar. Xarobalar ostida odamlar qolib ketgan bo‘lishi mumkin.
Belgorodda ukrainlar hujumidan keyin yopilgan savdo markazlari faoliyati tiklandi, ammo rojdestvo ibodatlari bekor qilindi.
Moskva markazida safarbar qilinganlarning ayollari turmush o‘rtoqlarini frontdan qaytarishni talab qilgan holda piketga chiqishdi. Shuningdek, 15 chog‘li kishi Qizil maydondagi mitingga kelgan. Qo‘lga olinganlar haqida xabar berilmagan.
Volodimir Zelenskiy rossiyaliklarning muzlatilgan aktivlarini Ukrainaga berishga chaqirdi, u bu aktivlar qiymatini 300 milliard dollarga baholagan. «Bu terrorchi davlatni o‘z terrori uchun to‘lov qilishga majbur etish uchun tarixiy imkoniyat», — deya qayd etgan Zelenskiy.
Ukrainaga Daniyadan ilk F-16 qiruvchilari yetkazib berilishi yarim yilga kechiktirilmoqda. Daniya mudofaa vazirligi kechikish sababini keltirmagan. Kopenhagen Kiyevga F-16 samolyotlaridan jami 19 tasini yetkazib berishni va’da qilgan. Ukraina QK yana 42 ta qiruvchi samolyotni Niderlandiyadan qabul qilib olishi kerak — ular ham hozircha yetkazib berilmadi.
Putinning urush qurbonlari yaqinlari bilan uchrashuvi
Rojdestvo arafasida Vladimir Putin Moskva oblastidagi Novo-Ogaryovo qarorgohida Ukrainada halok bo‘lgan rossiyalik harbiylarning bevalari va yetim qolgan farzandlarini qabul qildi.
Putin qurbonlarning oila a’zolari «har doim yonida qo‘llab-quvvatlay oladigan, yordam beradigan va kerak bo‘lganda yordamga yetib keladigan odamlar borligini his qilishi kerakligi»ni aytdi. RF prezidenti, buning uchun «hukumatning istalgan darajadagi hamkasblari» mas’ul bo‘lishi lozimligini qo‘shimcha qilgan.
Prezident bilan uchrashuvdan oldin rossiyalik harbiylarning yaqinlari ko‘rgazma va boshqa tadbirlarga tashrif buyurishgan. Bolalar uchun 6 yanvar kuni kechqurun Novo-Ogaryovo qarorgohi hududidagi otxonaga ekskursiya uyushtirilgan. «Yetarlicha batafsil suhbat» (Dmitriy Peskov prezidentning harbiylarning oilalariga murojaatini shunday ta’riflagan)dan keyin Putin bevalar va bolalarni bayram ziyofatiga va qarorgohdagi ibodatxonadagi rojdestvo ibodatiga taklif etgan.
Ukrainaga uchirilgan raketalar qoldiqlari
Ukrainalik askarlar Avdiyivka yaqinidan evakuatsiya qilinishi
Baxmut atrofidagi ukrain tanklari
Moskvada yakkalik piket
Donbass shimolidagi ukrain artilleriyachilari
Grozniyda Skott Ritter bilan tantanali uchrashuv
Skott Ritter — o‘tmishda amerikalik dengiz piyodasi va BMT inspektori bo‘lgan — so‘nggi yillarda Rossiya propagandasining sevimli shaxslaridan biriga aylangan. U «harbiy ekspert» sifatida har qanday yangilikni kremlparast pozitsiyadan turib sharhlaydi — davlat nazoratidagi rus nashrlari esa uning so‘zlarini «Ukraina qurolli kuchlari strategik mag‘lubiyatga uchradi», «Zelenskiydan tez orada qutulishlari mumkin» va hokazo sarlavhalar bilan tarqatishadi. Propagandani ushbu spikerning yomon reputatsiyasi tashvishga solmaydi: 2011 yil aprelida AQSh sudi Ritterni voyaga yetmagan qizning nomusini bulg‘ashga urinishda aybdor deb topgan.
5 yanvar kuni Ramzan Qodirov Ritterga Grozniyda kutilmaganda hashamatli qabul uyushtirdi. Amerikalikning qarshisida maxsus bo‘linmaning o‘n minglab jangchilari saf tortdi, Checheniston rahbarining o‘zi esa bu marosim vaqtida shov-shuvli bayonot bilan chiqdi: oila a’zolaridan sanksiyalar yechilishi evaziga asirlikdagi ukrain harbiy xizmatchilarini topshirishga tayyorligini aytdi. Bu taklif Rossiyadagi urush tarafdorlari bo‘lgan «harbiy muxbir»larning keskin noroziligiga uchragach, Qodirov o‘z so‘zlarini «katta trolling» deb atadi.