Iqtisodiyot | 13:51 / 08.01.2024
5488
2 daqiqa o‘qiladi

2023 yilda O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 1,2 mlrd dollarga kamaydi

O‘tgan yil davomida O‘zbekistonning zaxira aktivlari qiymati 35 mlrd 767 mln dollardan 34 mlrd 564 mln dollargacha yoki 3,5 foizga qisqardi.

Foto: Getty images

Markaziy bank O‘zbekistonning xalqaro valuta zaxiralariga oid ma’lumotlarni yangiladi. Unga ko‘ra, 1 yanvar holatiga, O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari 34,56 mlrd dollarni tashkil qildi.

Zaxiralar noyabr oyga nisbatan deyarli 1,66 mlrd dollarga oshgan bo‘lsa-da, yil boshidan beri 1,2 mlrd dollarga kamaygan.

Hisobot davrida oltin zaxiralari qiymati 23,7 mlrd dollardan 24,6 mlrd dollargacha ko‘paygan. O‘z navbatida oltinning fizik hajmi 11,6 mln troya unsiyasidan 11,9 mln troya unsiyasiga oshgan. Jahon bozorida oltin narxlari qimmatlashishi fonida oltin zaxiralarining qiymati ortgan.

Shuningdek, dekabr oyida xorijiy valuta zaxiralari qiymati 8,6 mlrd dollardan 9,3 mlrd dollargacha o‘sgan. 

2023 yil davomida O‘zbekistonning zaxira aktivlari tarkibidagi oltinning fizik hajmi 12,7 mln troya unsiyasidan 11,9 mln troya unsiyasigacha qisqardi. Xorijiy valuta zaxiralari esa 11,64 mlrd dollardan 9,37 mlrd dollargacha kamaydi. Importning tez o‘sib borayotgani fonida oltin valuta zaxiralarining importni qoplash darajasi ham 8-8,5 oygacha pasaydi. Yil oxirida zaxiralarning kamayishi 2018 yildan beri birinchi marta sodir bo‘ldi.

Avvalroq, O‘zbekiston Markaziy banki oktyabr va noyabr oylarida dunyoning boshqa mamlakatlariga qaraganda ko‘proq – 11 tonnadan oltin sotgani xabar qilingandi.

Ma’lumot uchun, 2023 yilning 11 oyida O‘zbekiston 8,1 mlrd dollar qiymatidagi oltin sotdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 2,3 barobarga ko‘p. 

Mavzuga oid