Belgorod muntazam ravishda zarbaga uchramoqda. Chegara hududidan so‘nggi ma’lumotlar
Belgorod dekabr oyi oxiridan buyon o‘qqa tutilmoqda. Oblast gubernatori Vyacheslav Gladkovning ma’lum qilishicha, 2 yanvar kuni «Olxa» baravar o‘t ochish reaktiv tizimi zarbalari oqibatida bir kishi halok bo‘lib, yana 11 kishi jarohatlangan. 4 yanvar kungi hujumda esa yana ikki kishi yaralangan. Keyingi kuni ham shaharda raketa zarbalari xavfi e’lon qilindi. 6-7 yanvar kunlari Belgorod rayoni zarbalar ostida qoldi. Shahar meri Valentin Demidov 4 yanvar kuni so‘nggi kunlardagi hujumlar oqibatida jami 573 kvartira va 64 ta xususiy uy shikastlangani haqida ma’lum qilgan; 6 yanvar holatiga ko‘ra, 519 avtomobil shikastlangan. Hukumat 22 yanvarga qadar barcha uylarning tashqi qismini ta’mirlashga, 2 fevralga qadar esa binolarning ichki qismlaridagi tiklash ishlari ham yakunlanishiga va’da qilgan.
Belgorodda bir necha kun mobaynida yirik savdo markazlari ishlamadi. Avvaliga «RIO», «Siti moll Belgorodskiy» va «Mega grinn» savdo markazlari 3-4 yanvar kunlari yopiq bo‘lishi e’lon qilingandi, keyin bu muhlat yana bir kunga uzaytirildi va savdo markazlari faoliyati 6 yanvardan tiklandi. Shuningdek, shaharda 7 yanvarga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan rojdestvo bayrami tadbirlari bekor qilingan. 6 yanvardan shahardagi bir qancha maydonlarda tez tibbiy yordam ko‘rsatish kurslari tashkillashtirildi.
Rasmiylar barcha istovchilarga shahardan evakuatsiya bo‘lishni taklif qilgan. Vyacheslav Gladkov 5 yanvar kuni ketishni istaganlar mer yoki gubernatorning qabulxonasiga yoki 112 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilishi lozimligii va amaldorlar ularga regiondagi qo‘shni shaharlarga borishda yordam ko‘rsatishini, bu joylarda «issiq nomerlarda yetarlicha komfort sharoitlar»da yashash mumkinligini aytgan. U agar istovchilar haddan tashqari ko‘pchilikni tashkil etsa, rasmiylar odamlarni boshqa regionlarga ham joylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishishiga va’da qilgan. 8 yanvar tongida Gladkov evakuatsiya haqidagi taklifdan 300 ga yaqin kishi foydalanganini ma’lum qildi — ular Stariy Oskol, Gubkin va Korochansk rayonlaridagi vaqtincha joylashtirish markazlariga yuborilgan.
Shahardagi maktablarda yangi yil ta’tillari 19 yanvarga qadar uzaytirilgan. Bolalar bog‘chalari ham shu muddatga qadar navbatchi guruhlar rejimida, qo‘shimcha ta’lim muassasalari esa — masofaviy rejimda faoliyat ko‘rsatadi. Shuningdek, mutasaddilarning tegishli tavsiyalaridan keyin shahardagi asosiy oliy ta’lim muassasalari va texnikumlarida sessiyalar masofaviy formatga o‘tkazilgan. Ta’tillar yana uzaytirilishi mumkin — Gladkov «operativ vaziyatdan kelib chiqib» 16 yanvar kuni shunday qaror qabul qilinishi mumkinligini bildirgan. Shuningdek, hukumat ta’til uzaytirilgani tufayli uyda qolgan va ota-onalari ishga chiqadigan bolalarni boshqa regionlardagi dam olish oromgohlariga yuborish taklifini bergan. 8 yanvar kuni Gladkov kun davomida bu bo‘yicha 1300 ta zayavka kelib tushganini ma’lum qildi. Bolalar Voronej, Tambov, Kaluga va Yaroslavl oblastlaridagi lagerlarga jo‘natiladi.
30 dekabr kuni Belgorod Rossiyaning Ukraina bilan urushi davridagi eng kuchli zarbani boshdan kechirgandi. O‘sha kungi hujum oqibatida shahar aholisidan 25 kishi halok bo‘lib, 100 dan ortiq kishi turli darajada tan jarohatlari olgan, ahvoli og‘ir bo‘lgan jabrlanuvchilar federal klinikalarga olib ketilgan. Ukrainadagi manbalar buni 29 dekabr kuni ukrain shaharlari yoppasiga o‘qqa tutilganiga javob bo‘lganini bildirgan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin 1 yanvar kuni Belgorod o‘qqa tutilishini «shubhasiz, terrorchilik akti» deb atadi va Ukraina bo‘ylab zarbalar ko‘paytirilishini va’da qildi.
Mavzuga oid
14:45
Zaxarova: Ukraina mustaqil ravishda yadro qurolini yaratishga qodir emas
11:53
Zelenskiy Ukrainaning Germaniyadagi elchisini almashtirishga qaror qildi
08:05
Bayden Pentagonga Ukrainaga qurol yetkazib berishni tezlashtirishni buyurdi
21:53 / 25.12.2024