Livanda «Hizbulloh»ning yuqori martabali qo‘mondoni o‘ldirildi
Uning mashinasiga raketa zarbasi berildi.
Livan janubida «Hizbulloh»ning yuqori martabali qo‘mondoni o‘ldirildi, deb The Insider xabar berdi Reuters agentligiga tayanib.
Qayd qilinishicha, gap «Rizvon» sara harbiy bo‘linmasi qo‘mondonlaridan biri haqida ketmoqda. Uning mashinasiga raketa zarbasi berilgan. Hujum ortida Isroil turgani taxmin qilinmoqda.
Livanning MVT tarmog‘i qurbonning ismi Vissam at-Tavil ekanini, u «Javad» laqabi bilan ham tanilganini xabar qildi. Raketa at-Tavilning mashinasiga tegib, u bilan birga yana bir kishi halok bo‘lgani ta’kidlanmoqda.
«Hizbulloh» Vissam at-Tavilning o‘limini tasdiqladi, deb xabar berdi Livanning LBCI telekanali.
Isroil va HAMAS o‘rtasida 7 oktyabrda boshlangan urush davomida «Hizbulloh» 130 nafardan ortiq jangchisini yo‘qotdi. HAMAS harakatini qo‘llab-quvatlovchi «Hizbulloh» Isroil chegara hududlarini o‘qqa tutmoqda, bunga javoban Isroil ham Livan hududiga zarbalar bermoqda.
2 yanvar kuni HAMAS siyosiy byurosi raisi o‘rinbosari Solih al-Aruriy Isroilning dron zarbasi oqibatida halok bo‘lgan edi.