Jahon | 23:39 / 09.01.2024
8573
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina G‘arbdan havo hujumidan mudofaa tizimlari yetkazib berishni «hoziroq» oshirishni so‘ramoqda

Ukraina havo mudofaasi yanada samaraliroq bo‘lsa, Rossiya raketasi yoki uchuvchisiz samolyoti tasodifan NATO havo hududiga uchib kirishi ehtimolini kamaytirishi ta’kidlanmoqda. 

Foto: PA images

Shu hafta bo‘lib o‘tadigan Ukraina-NATO kengashi yig‘ilishida Kiyev G‘arbdan havo mudofaasini tezda kuchaytirish uchun yangi kafolatlar olishiga umid qilmoqda, dedi Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Politico nashriga. 

«Eng muhimi, biz uchrashuvdan Ukrainaning havo hujumidan mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilinishini kutamiz. Ham zamonaviy tizimlar, ham o‘q-dorilar nuqtai nazaridan», dedi Kuleba. 

Nashrning eslatishicha, Ukraina-NATO kengashi yig‘ilishini Rossiya armiyasining Ukrainaga raketa hujumlari keskin kuchayishi va o‘nlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lganiga javob sifatida o‘tkazishga qaror qilingan. 

Kulebaning aytishicha, Ukraina havo mudofaasi yanada samaraliroq bo‘lsa, Rossiya raketasi yoki uchuvchisiz samolyoti tasodifan NATO havo hududiga uchib kirishi ehtimolini kamaytiradi. 

«Hamma hisob-kitoblarga ko‘ra, ittifoqchilarimiz Ukraina havo mudofaasini kuchaytirish uchun barcha mavjud kuchlarni hoziroq safarbar qilishlari mantiqiy bo‘lar edi», dedi Dmitriy Kuleba. 

2 yanvar kuni Kuleba ijtimoiy tarmoqda o‘z mamlakati mudofaa uchun zudlik bilan qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa tizimlari va o‘q-dorilarga muhtojligini yozgan edi. 

Ukraina harbiylarining xabar berishicha, 8 yanvarga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan so‘nggi keng ko‘lamli hujum chog‘ida Ukraina Qurolli kuchlari Rossiyaning barcha sakkizta kamikadze dronini urib tushirishga muvaffaq bo‘lgan, biroq Ukrainaga qarata uchirilgan 51 ta raketadan atigi 18 tasi urib tushirilgan. 

9 yanvar kuni Ukraina Qurolli kuchlari Harbiy-havo kuchlari vakili Yuriy Ignat Ukraina harbiylarida boshqariladigan zenit-raketalar yetishmasligini tan oldi.

Mavzuga oid