AQSh tomonidan Ukrainaga berilgan harbiy yordam yomon nazorat qilingan - OAV
Pentagon bosh inspektori Vashington va Yevropadagi AQSh rasmiylari va diplomatlari Ukrainaga yuborilgan 40 mingga yaqin qurol-yarog‘ bo‘yicha tezkor yoki to‘liq hisobot bera olmaganini aniqladi.
The New York Times gazetasining yozishicha, Ukrainaga yuborilgan va qiymati 1 milliard dollardan ortiq bo‘lgan yelkadan otiladigan raketalar, kamikadze dronlari va tungi ko‘rish uskunalari AQSh rasmiylari tomonidan yomon nazorat qilingan.
Mudofaa vazirligi bosh inspektorining e’lon qilgan hisobotida qurollar Polshadagi AQSh harbiy logistika markaziga yoki Ukraina jang maydonlariga olib o‘tilgandan keyin maqsadsiz ishlatilgani haqida hech qanday dalil yo‘q.
«Harbiy yordamning maqsadli ishlatilganini aniqlash bizning vakolat doiramizga kirmaydi», deyiladi hisobotda.
Ammo hisobot shuni ko‘rsatadiki, Vashington va Yevropadagi AQSh rasmiylari va diplomatlari 40 mingga yaqin qurol bo‘yicha tezkor yoki to‘liq hisobot bera olmagan. Vaholanki, ular qonun bo‘yicha qat’iy nazorat ostida bo‘lishi kerak edi. Chunki ularning texnologiyasi va nisbatan kichik o‘lchami qurol kontrabandachilari uchun jozibador nishonga aylantiradi.
Hukumat ma’lumotlar bazasidan izsiz yo‘qolgan yoki boshqa yo‘l bilan hisob-kitob qilinmagan qurollarning yuqori foizi «o‘g‘irlik yoki sizdirilish xavfini oshirishi mumkin». Hisobotda ko‘rib chiqilgan qurollar soni Qo‘shma Shtatlar 2014 yildan beri Ukrainaga yuborgan qariyb 50 milliard dollarlik harbiy texnikaning ozgina qismini tashkil etadi.
Shunday bo‘lsa-da, Pentagon surishtiruvi so‘nggi ikki yil ichida Ukrainaga tezkor yuborilgan Amerika harbiy yordamining hisobi qanday yuritilgani bo‘yicha dastlabki xulosalarni chiqarish imkonini beradi. Xarajatlarga shubha bilan qaragan qonunchilar soni ortib borayotgani Kiyevga ko‘proq yordam yuborishga qarshilik qilmoqda va nazoratni talab qilmoqda.
Hisobotda Ukrainaga berilgan 39 139 ta harbiy texnikadan qanchasi «yo‘qolgan» deb hisoblanganiga aniqlik kiritilmagan.
2023 yil iyun oyi holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga 10 mingdan ortiq tankka qarshi Javelin raketalari, 2,5 mingta Stinger yer-havo raketalari, taxminan 750 ta Kamikaze Switchblade dronlari, 430 ta o‘rta masofaga mo‘ljallangan «havo-havo» sinfidagi raketalar va 23 mingta tungi ko‘rish vositalarini yetkazib bergan.
Pentagon va Davlat departamenti vakillarining so‘zlariga ko‘ra, xavfli jangovar sharoitlar Mudofaa vazirligi xodimlarining qurol-yarog‘larni maqsadli ishlatilganiga ishonch hosil qilish uchun frontga borishini deyarli imkonsiz qilgan.
Mudofaa vazirining siyosat bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Aleksandra Beyker hisobotning 15 noyabrdagi loyihasiga javoban, talab qilinadigan hisob-kitob qoidalari «urush sharoitida maqbul emasligini» aytdi.
Uning ta’kidlashicha, Kiyevdagi AQSh elchixonasida eng «nozik» qurol va jihozlarni nazorat qilish uchun Mudofaa vazirligi xodimlari yetarli emas. Hozirgi vaqtda Ukrainada bunday «nozik» qurollar 50 mingdan ortiq va ularning soni doimiy ravishda o‘sib bormoqda.
Mavzuga oid
22:30 / 15.11.2024
Tramp jamoasi bilan Ukrainadagi urush tezroq tugaydi - Zelenskiy
19:41 / 15.11.2024
Rossiya kolonnasi Kupyanskka yorib kirgan, ammo Ukraina uni yakson qilganini aytmoqda. Nimalar ma’lum?
19:22 / 15.11.2024
Amerikalik harbiy xizmatchilar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari ortdi
10:11 / 15.11.2024