O‘zbekiston | 12:24 / 11.01.2024
3685
2 daqiqa o‘qiladi

Mehribonlik uylari Ijtimoiy himoya agentligi tizimiga o‘tkazildi

2024 yil 1 yanvardan boshlab bolalar uylari, mehribonlik uylari, bolalarni himoya qilish shu’balari hamda oilaviy bolalar uylari Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimiga o‘tkazildi. Bu - prezidentning “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan amalga oshirildi.

Foto: Mehribonlik.uz

Unga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan boshlab Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidan bolalar uylari; Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidan mehribonlik uylari; mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tizimidan voyaga yetmaganlar bilan ishlash sektorlari hamda oilaviy bolalar uylari Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimiga o‘tkazildi.

Shu paytga qadar Bolalar uylari Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida, Mehribonlik uylari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimida, Bolalarni himoya qilish shu’balari hamda oilaviy bolalar uylari esa mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tizimida bo‘lgan.

Shuningdek, 2024 yil 1 avgustdan boshlab:

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar, ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari;
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidan imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktablari agentligi tizimiga o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, 2025 yil 1 yanvardan boshlab:

Ichki ishlar vazirligi tizimidan muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tizimidan Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi ham agentlikka o‘tkaziladi.

Mavzuga oid