O‘zbekiston | 08:50 / 11.01.2024
5744
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Britaniya qo‘rg‘oshin ta’siriga qarshi kurashishni boshlaydi

O‘zbekistonda kundalik turmush davomida foydalaniladigan turli bo‘yoqlar va shunga o‘xshash mahsulotlarning qo‘rg‘oshin darajasini aniqlash bo‘yicha loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Foto: Dunyo AA

O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Buyuk Britaniyaning «Qo‘rg‘oshin ta’siriga qarshi kurashish loyihasi» (LEEP) nodavlat notijorat tashkiloti koordinatori Charlz Lyudon va menejyer Bol Dxital bilan uchrashuv o‘tkazdi.

«Dunyo» xabariga ko‘ra, «Qo‘rg‘oshin ta’siriga qarshi kurashish loyihasi» NNT shaklidagi tashkilot bo‘lib, BMTning atrof-muhitni muhofaza qilish dasturi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotlari bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi. LEEP  Jahon qo‘rg‘oshinli bo‘yoqlarni yo‘qotish xalqaro alyansi a’zosi hisoblanadi.

Uchrashuv davomida O‘zbekistonda kundalik turmush davomida foydalaniladigan turli bo‘yoqlar va shunga o‘xshash mahsulotlarning qo‘rg‘oshin darajasini aniqlash bo‘yicha rejalashtirilgan loyihani amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Xorijiy tomonga ko‘ra, LEEP O‘zbekistonda olib bormoqchi bo‘lgan izlanishlari davomida mahalliy bozordagi bo‘yoqlarni o‘rganib chiqish orqali ular tarkibidagi qo‘rg‘oshin darajasini aniqlaydi va mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Qurilish vazirligiga o‘z takliflarini taqdim etadi.

Izlanishlar to‘liq LEEP tomonidan moliyalashtiriladi va ushbu loyihaga kelgusida 250 ming AQSh dollari ajratilishi rejalashtirilgan.

Muzokaralar yakunida, tomonlar mazkur loyihaning dastlabki bosqichi sifatida Britaniya delegatsiyasining respublika safarini 8-26 yanvar kunlari tashkil etish va tashrif davomida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda «Qo‘rg‘oshin darajasini pasaytirish bo‘yicha mahorat darslari»ni o‘tkazishga kelishib oldi.

Mavzuga oid