Jamiyat | 12:31 / 11.01.2024
40194
2 daqiqa o‘qiladi

Penza oblastida YTH oqibatida kamida 7 o‘zbekistonlik halok bo‘ldi

Rossiyaning Penza oblastida fura va miniven o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lish oqibatida sakkiz kishi halok bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, minivenda O‘zbekiston fuqarolari harakatlangan.

Foto: RF tergov qo‘mitasi

11 yanvarga o‘tar kechasi Rossiyaning Penza oblasti Nijnelomovsk rayonida Volvo rusumli yuk mashinasi hamda miniven o‘rtasida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. RF tergov qo‘mitasi YTH oqibatida minivendagi yetti kishi, jumladan mashina haydovchisi ham voqea joyida halok bo‘lgani haqida xabar bergan.

Nijnelomovsk rayon prokurori Andrey Yaroshning ma’lum qilishicha, minivenda O‘zbekiston fuqarolari harakatlangan.

RIA Novosti o‘z manbasiga tayanib xabar berishicha, hodisa qurbonlari soni sakkiz nafarni tashkil etmoqda – jabrlangan ikki kishidan biri shifoxonaga olib borish vaqtida jon bergan, yana biri og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Agentlikning qayd etishicha, minivenga O‘zbekiston raqam belgilari taqilgan.

YTHning ayrim tafsilotlari ma’lum bo‘lgan: JAC miniveni haydovchisi, 1981 yilda tug‘ilgan shaxs Moskva tomon harakatlanishda qarama-qarshi yo‘lakka chiqib ketgan va Volvo yuk mashinasiga urilgan.

Mazkur hodisa yuzasidan Rossiya Jinoyat Kodeksining 238-moddasi 3-bandi (iste’molchilar xavfsizligi va sog‘lig‘ini ta’minlash talabiga javob bermaydigan ravishda xizmat ko‘rsatish va ehtiyotsizlik oqibatida ikki va undan ko‘p odamlarning o‘limiga sababchi bo‘lish) asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

  • UPD: O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi bu ma’lumotni tasdiqladi. «Rossiyaning Penza viloyati Nijnelomovsk tumanida 2024 yil 11 yanvarda yuz bergan avtoto‘qnashuvda halok bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonasi vakillari tomonidan tan jarohat olgan fuqarolarga va marhumlarning jasadlarni O‘zbekistonga jo‘natishda kerakli amaliy yordam ko‘rsatilmoqda va joylarda kerakli ishlar olib borilmoqda», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid