Jahon | 08:21 / 12.01.2024
4449
2 daqiqa o‘qiladi

Latviya Ukrainaga yangi harbiy yordam paketi haqida e’lon qildi

Latviya Ukrainaga gaubitsa, artilleriya o‘q-dorilari, tankka qarshi qurollar, havo hujumidan mudofaa tizimlari va boshqa jihozlarni yetkazib beradi, dedi mamlakat prezidenti Edgars Rinkevichs.

Foto: AP

Latviya Rossiyadan himoya qilish uchun Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishda davom etadi, dedi Latviya prezidenti Edgars Rinkevichs 11 yanvar, payshanba kuni Rigada Ukraina davlat rahbari Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvdan so‘ng jurnalistlarga.

Rinkevichsning so‘zlariga ko‘ra, yangi yordam paketi gaubitsalar, 155 millimetrli artilleriya o‘q-dorilari, tankka qarshi va havo hujumidan mudofaa tizimlari, raketa uchirgichlar, yerusti transport vositalari, qo‘l granatalari, vertolyotlar va boshqa jihozlarni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, Latviya 2024 yil davomida 3 mingga yaqin ukrainalik harbiy xizmatchilarni tayyorlashni rejalashtirmoqda, shuningdek, Ukraina bilan dronlarni ishlab chiqarishda hamkorlik qiladi. «Hukumat, mamlakatimiz va xalqimiz Ukrainaga barcha zarur yordamni ko‘rsatishda davom etadi», — dedi Rinkevichs.

Latviya Ukrainaga YaIMning bir foizi miqdorida yordam berdi

Uning ta’kidlashicha, 2022 yil fevralidan beri Latviya Ukrainaga 600 million yevro miqdorida yordam ko‘rsatgan, bu Boltiqbo‘yi respublikasi yalpi ichki mahsulotining bir foiziga teng.

Zelenskiy Latviyaga «doimiy yordami» va yangi harbiy yordam paketi uchun minnatdorchilik bildirdi. «Bu yil Ukraina barcha hamkorlari bilan Yevropa uchun yangi arsenal – Rossiyaning Yevropaga nisbatan tajovuzkorligining oldini olishni ta’minlaydigan darajadagi sanoat kooperatsiyasini yaratish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshiradi», dedi Ukraina prezidenti. Zelenskiyning Boltiqbo‘yi mamlakatlari bo‘ylab uch kunlik turnesining so‘nggi bekati Latviya bo‘ldi. Bungacha u Litva va Estoniyaga ham tashrif buyurgan.

Mavzuga oid