O‘zbekiston | 12:07 / 12.01.2024
6214
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda narkolaboratoriya faoliyatiga chek qo‘yildi

DXX tomonidan Bojxona qo‘mitasi xodimlarini jalb qilgan holda o‘tkazilgan maxsus tadbir davomida Toshkent shahrida yashirin faoliyat olib borgan narkolaboratoriya fosh etildi.

Foto: Videodan kadr

1986 va 1988 yillarda tug‘ilgan, oliy ma’lumotli bo‘lgan 2 nafar shaxs logistika faoliyati bilan shug‘ullanish niqobi ostida Shayxontohur tumanidagi xonadonlardan birida sintetik giyohvandlik vositalarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan.

Ko‘zdan kechirish jarayonida xonadonda jami 56 ta o‘ramda 26 kgga yaqin “Mefedron” giyohvandlik vositasi, sintetik narkotik tayyorlashda foydalaniladigan 400 kgdan ortiq suyuqlik va kukun ko‘rinishidagi kimyoviy moddalar hamda xomashyo, zarur asbob-uskunalar borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, giyohvandlik vositalari tayyorlashda foydalaniladigan asbob-uskunalar, xomashyo va prekursorlar xorijdan keltirilganligi va tayyorlangan narkotik moddalarning savdosi internet orqali amalga oshirilganligi ma’lum bo‘ldi.

Tadbir davomida olingan narkotik moddalar taxminan 80 ming “doza”ni tashkil qilishi va qora bozordagi qiymati 900 ming AQSh dollariga tengligi, shuningdek, narkolaboratoriyada saqlanayotgan 400 kgdan ortiq kimyoviy moddalar va xom-ashyolar yordamida 50 kgga yaqin “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi ishlab chiqarish mumkinligi ma’lum bo‘ldi.

Narkolaboratoriya aniqlanganligi holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 246- va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, DXX Tergov boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid