AQSh Yamandagi husiychilar obektlariga yangi zarba berdi
Yaman poytaxti Sano va Hodeyda shahrida, OAV xabarlariga ko‘ra, portlashlar eshitilgan. CNN telekanali xabar berishicha, AQSh zarbani bir tomonlama amalga oshirgan. Pentagon husiychilar radari nishonga olinganini bildirdi.
13 yanvar, shanbaga o‘tar kechasi Qo‘shma Shtatlar Yamandagi husiychilar pozitsiyalariga yangi zarbalar berdi, AQSh Mudofaa vazirligi avvalroq OAVda paydo bo‘lgan tegishli xabarlarni tasdiqladi.
Arab OAV xabar berishicha, Yaman poytaxti Sano va Hodeyda shahrida ketma-ket kuchli portlashlar sodir bo‘lgan. CNN nomi oshkor etilmagan amerikalik mulozimga tayanib xabar berishicha, Vashington bir tomonlama ravishda «oldingi tundagidan ancha kichikroq miqyosda» qo‘shimcha zarbalar bergan. Pentagon aniqlik kiritishicha, nishon husiychilar tomonidan foydalanilgan radar qurilmasi bo‘lgan. Zarba Tomahawk qanotli raketalari bilan amalga oshirilgan va joriy hujum 12 yanvarda uyushtirilgan zarbalarning davomi bo‘lib, «husiychilarning dengiz kemalariga hujum qilish qobiliyatini kamaytirishi kerak», deya ta’kidlab o‘tdi AQSh Mudofaa vazirligi.
Avvalroq, 12 yanvarga o‘tar kechasi AQSh va Buyuk Britaniya Niderlandiya, Kanada, Avstraliya va Bahrayn ko‘magida Yamandagi husiychilar obektlariga yirik hujumlar uyushtirgan edi. AQSh Mudofaa vazirligi radar qurilmalari, omborlar va uchuvchisiz uchish qurilmalari va raketalarni uchirish maydonchalari hamda husiychilar qo‘mondonlik markazlari nishonda bo‘lganini bildirdi.
Bayden Yamandagi husiychilarni terrorchi deb hisoblaydi
AQSh prezidenti Jo Bayden agar husiychilar Qizil dengizdagi kemalarga hujumlarini to‘xtatmasa, yana zarbalar berishni buyurishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. 12 yanvar kuni jurnalistlar bilan suhbatda Amerika yetakchisi Yamanning katta qismini nazorat qilayotgan husiychilar terrorchi ekanligiga ishonishini aytdi. «Men shunday deb o‘ylayman», dedi Bayden ularni terrorchi guruh deb atashga tayyormisiz, degan savolga.
Avvalroq Oq uy husiychilarni AQSh Davlat departamentining «xorijiy terroristik tashkilotlar» ro‘yxatiga qayta kiritish imkoniyatini o‘rganayotganini tasdiqladi. Oq uy milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi bu borada hozircha hech qanday qaror qabul qilinmaganini bildirdi, deb xabar tarqatdi CNN telekanali. Shu bilan birga, 2021 yilda Bayden ma’muriyati lavozimga kirishgach, husiychilarni ushbu ro‘yxatdan chiqarib tashlagandi.
Amerika yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, uning ma’muriyati husiychilarni terrorchi tashkilot sifatida tan oladimi yoki yo‘qmi, «farqi yo‘q», chunki Qo‘shma Shtatlar va boshqa davlatlar ularning Qizil dengizdagi hujumlariga har qanday holatda ham javob berish niyatida.
Mavzuga oid
22:30 / 15.11.2024
Tramp jamoasi bilan Ukrainadagi urush tezroq tugaydi - Zelenskiy
19:22 / 15.11.2024
Amerikalik harbiy xizmatchilar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari ortdi
21:21 / 14.11.2024
AQSh dollarining mustahkamlanishi global muammoga aylanadi - The Economist
16:56 / 14.11.2024