Jahon | 14:16 / 13.01.2024
7916
3 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotini to‘xtatishdan bosh tortdi

JAR talab qilgan narsa - TsAHALning G‘azo sektorida HAMASga qarshi operatsiyani to‘xtatishi Isroilni himoyasiz qoldiradi, dedi Isroil vakili Haagadagi BMT xalqaro sudida.

Foto: REMKO DE WAAL/EPA/Scanpix

Isroil Janubiy Afrika Respublikasining G‘azo sektorida Falastinning HAMAS guruhiga qarshi harbiy amaliyotni to‘xtatish haqidagi talabini qat’iyan rad etdi. Bunday harakat Isroilni himoyasiz ahvolga solib qo‘yadi, dedi Isroil tashqi ishlar vazirligining yuridik maslahatchisi Tal Bekker 12 yanvar, juma kuni Haagadagi BMT xalqaro sudida bo‘lib o‘tgan eshituvlarda. «Arizachi Isroilning o‘zini himoya qilish huquqiga putur yetkazmoqchi va Isroilni himoyasiz qoldirmoqchi», — deya Bekker so‘zlarini keltirgan Reuters. 

Bundan tashqari, Isroil JAR tomonidan qo‘yilgan genotsid ayblovlarini rad etdi. Tal Bekkerning so‘zlariga ko‘ra, Isroil mudofaa kuchlarining G‘azo sektoridagi harbiy harakatlari HAMAS va boshqa tashkilotlarga qarshi o‘zini-o‘zi himoya qilish harakati bo‘lgan. «Janubiy Afrika Respublikasining voqealar talqini qo‘pol ravishda buzib ko‘rsatilgan. Agar genotsid harakatlari sodir bo‘lgan bo‘lsa, ular Isroilga qarshi sodir etilgan», - dedi Bekker Haagadagi sudda. 

JAR hukumati 2023 yil oxirida BMT xalqaro sudiga Isroilga qarshi da’vo arizasi berdi. Unda ular Isroil rasmiylarini G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga majburlovchi vaqtinchalik rezolyutsiya qabul qilinishini talab etgan. Shu bilan birga, JAR Isroil tomoni Genotsid jinoyati oldini olish va uning uchun jazolash to‘g‘risidagi konvensiyani buzganiga ishora qildi. JAR prezidenti Siril Ramaposa BMT sudiga murojaat qilish uning mamlakati prinsipial pozitsiyasi ekanini ta’kidladi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 23 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid