Jahon | 16:28 / 15.01.2024
13861
5 daqiqa o‘qiladi

Chegarani mustahkamlayotgan ukrainlar va Dniproda qurbonlarni xotirlash. Urush suratlari

Ukrainada urushning 690-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • Vladivostokning sobiq meri, poraxo‘rlik uchun 12 yilga qamalgan Oleg Gumenyuk Ukrainaga urushga yo‘l olgani ma’lum bo‘ldi.
  • Afinada britanlarning The Tiger Lillies guruhi konserti bekor qilindi, guruh Ukrainani qo‘llab-quvvatlagan.
  • «Texnosili»ning sobiq xo‘jayini Mixail Kokorich Ukrainadagi urush tufayli Rossiya fuqaroligidan voz kechgani ma’lum bo‘ldi. Forbes bilan suhbatda ushbu tadbirkor unda boshqa mamlakat fuqaroligi borligini bildirgan, ammo qaysi mamlakat ekaniga oydinlik kiritmagan.
  • Davosda Ukrainani qo‘llovchi davlatlarning to‘rtinchi sammiti o‘tkazildi, unda Volodimir Zelenskiyning «tinchlik formulasi» muhokama etildi.
  • Dnipro aholisi bir yil muqaddam rossiyaliklar raketa zarbasidan vayron bo‘lgan turar joy binosi oldiga gullar va shamlar keltirishdi. O‘sha hujum oqibatida 46 kishi halok bo‘lib, 80 dan ortiq kishi yaralangandi.

Ukraina QK Chernihiv oblastida chegaralarni mustahkamlashda davom etmoqda

Ukrainaning Chernihiv oblasti Belarusning Gomel oblasti hamda Rossiyaning Bryansk oblasti bilan chegaradosh hisoblanadi. 2023 yil dekabrida Ukraina qurolli kuchlari Belarus bilan chegarani «Surovikin liniyasi» namunasi bo‘yicha mustahkamlashni boshladi, bunday mudofaa chiziqlari Rossiya armiyasi ukrainlarning yozgi qarshi hujumini to‘xtatish imkonini bergandi (harbiy ekspertlar Ukraina janubidagi «Surovikin liniyasi»ni Ikkinchi jahon urushidagi yirik muhandislik mudofaa istehkomlari bilan tenglashtirishgan). 2024 yil yanvarida ukrain harbiylari Bryansk oblasti bilan chegarani ham mustahkamlashga kirishishdi.

«Ajdaho tishlari» nomini olgan tankka qarshi to‘siqlar. Ular Rossiya bilan chegaralar bo‘ylab yotqizilmoqda
Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA
Ukrainalik harbiylar chegara yaqinida yangi istehkomlar barpo etmoqda
Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA
Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA
Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA

Donetsk oblasti Maryinka shahri yaqinidagi ukrain artilleriyachilari

2023 yil oxirida Rossiya qo‘shini Ukraina armiyasidagi o‘q-dori va zaxiralar taqchilligidan foydalangan holda Maryinkani egallab olish jarayonini yakunladi, shaharni egallash uchun hujum 2022 yil fevralida boshlangandi. Ukraina QK bo‘linmalari Donetsk chekkasidagi hududlardan shimolga (Krasnogorovka shahriga), janubga (Pobeda qishlog‘iga) va g‘arbga (Georgiyevka qishlog‘iga chekingan). RF qurolli kuchlari istiqbolda bu uch yo‘nalish bo‘yicha yurishlarni davom ettirishi mumkin, ammo Rossiya qo‘mondonligida barcha uch yo‘nalishni qamrab olishga resurslar yetishmaydi: Maryinka atrofidagi RF qurolli kuchlariga boshqa qo‘shimcha kuchlar yetkazib berilmagan.

Ukraina QK 79-brigadasi jangchilari L119 gaubitsasidan rossiyaliklarning Donetsk oblasti Maryinka shahri atrofidagi pozitsiyasiga o‘t ochmoqda. Foto: Oleksandr Ratushniak / Reuters / Scanpix / LETA

Dniprodagi uyga zarbaning bir yilligi

2023 yil 14 yanvar kuni Rossiya qo‘shini Ukraina hududini yana bir bor o‘qqa tutgandi. Raketalardan biri, besh tonnali X-22 Dniprodagi ko‘p qavatli uy binosiga kelib urilgan — G‘alaba sohilidagi to‘qqiz qavatli va 18-pod’yezdli uyga. Raketa korpuslardan biridagi ikkinchi va uchinchi pod’yezdlarda 63 ta kvartirani to‘liq vayron qilgan, 200 dan ortiq uy jiddiy shikastlangan.

Zarba oqibatida 46 kishi halok bo‘lgan, ulardan olti nafari — bolalar edi; uyda yashovchilardan 81 kishi yaralangan; yana to‘qqiz nafar kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblangan (hozirga qadar bu ma’lumot yangilamagan). Bu voqeadan bir yil o‘tib Dnipro aholisi qurbonlar xotirasi uchun vayron bo‘lgan uy oldida yana yodgorlik tashkil etdi.

Dniproda G‘alaba sohilidagi ko‘p qavatli uyning Rossiya hujumidan bir yil o‘tgandan keyingi holati
Arsen Dzodzaiev / EPA / Scanpix / LETA
Arsen Dzodzaiev / EPA / Scanpix / LETA
Dniproliklar G‘alaba sohilidagi vayron bo‘lgan ko‘p qavatli uy oldidagi avtobus bekatiga gullar, bayroqlar, shamlar va yumshoq o‘yinchoqlar keltirishgan
Arsen Dzodzaiev / EPA / Scanpix / LETA
Arsen Dzodzaiev / EPA / Scanpix / LETA

Mavzuga oid