Xitoy Tayvanning yangi rahbariga yo‘llangan tabriklarni tanqid qildi
Xitoy Tayvandagi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan Lay Tsindega xorijiy hukumatlarning tabriklarini keskin tanqid qildi. AQSh va Britaniya Pekinning bevosita tanqidi obektiga aylandi.
Xitoy o‘zining suveren hududi deb hisoblagan Tayvandagi prezidentlik saylovi g‘olibini g‘arb davlatlari tabriklaganidan keskin noroziligini bildirdi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi va Xitoyning xorijdagi elchixonalari 14 yanvar, yakshanba kuni saylovda g‘olib chiqqan hukmron Demokratik progressiv partiya yetakchisi, Tayvan mustaqilligi tarafdori Lay Tsindeni qo‘llab-quvvatlamaslik to‘g‘risida ogohlantirdi.
Qo‘shma Shtatlar to‘g‘ridan to‘g‘ri tanqid qilindi: uning Lay Tsinde g‘alabasiga ijobiy munosabati Xitoy Tashqi ishlar vazirligi tomonidan «Tayvanning mustaqillikka erishish intilishlari uchun noto‘g‘ri signal» deb ataldi. «Xitoy Qo‘shma Shtatlar va Tayvan o‘rtasidagi rasmiy muloqotning har qanday shakliga har doim so‘zsiz qarshi bo‘lib kelgan va AQShning Tayvan ishlariga har qanday shaklda yoki kontekstda aralashuvini qat’iyan rad etadi», — deya ma’lum qildi Xitoy TIV. Xitoyning Britaniyadagi elchixonasi Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeronning tabrigiga nisbatan ham shunday izoh berdi.
XXRning Yaponiyadagi elchixonasi rasmiy diplomatik norozilik bildirdi
Saylov g‘olibiga tabrik Germaniya hukumatidan ham keldi. «Erkin va tinch o‘tgan saylovlar Tayvanda demokratiya qanchalik chuqur ildiz otganini va saylovchilar demokratik qadriyatlarga qanchalik sodiq ekanini yana bir bor ko‘rsatdi, - deyiladi Germaniya tashqi ishlar vazirligi bayonotida. - Biz ushbu saylovda ishtirok etgan barcha saylovchilarni, nomzodlarni va g‘oliblarni tabriklaymiz». Shu bilan birga, Germaniya TIV Reuters so‘roviga javoban Germaniya hukumati bayonotiga Xitoyning munosabatini izohlashdan bosh tortdi.
Xitoyning Yaponiyadagi elchixonasi hatto Lay Tsindega yo‘llangan tabrik yuzasidan rasmiy diplomatik norozilik bildirdi. Yaponiya hukumati avvalroq Tayvanni «o‘ta muhim hamkor va muhim do‘st» deb atagan edi. Biroq, ayni paytda munosabatlar «nodavlat asosda» qurilishi aytilgan edi.
Mavzuga oid
20:08 / 10.11.2024
Xitoyga tegishli marsoxod Marsda qadimiy okean izlarini topdi
17:55 / 10.11.2024
Xitoy Filippinning dengiz zonalariga oid qonuniga javoban patrullikni kuchaytiradi
15:18 / 10.11.2024
«Qarz qopqoni»: Xitoy tasarrufiga o‘tgan Shri Lanka porti
08:08 / 09.11.2024