Jahon | 21:57 / 16.01.2024
19060
2 daqiqa o‘qiladi

«Ahmoqlar, hammasi allaqachon tugagan bo‘lardi» - Putin Ukraina hukumati haqida

Rossiya prezidenti Ukrainani muzokaralardan bosh tortganlikda aybladi. 

Foto: RIA Novosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, agar Ukraina rasmiylari Rossiya bilan muzokaralarni to‘xtatmaganida, «hammasi allaqachon tugagan bo‘lardi». U, shuningdek, Boris Jonson muzokaralarni buzgani haqidagi so‘zlarini yana takrorladi. 

«Ular buni ochiqchasiga aytishdi, shu jumladan ushbu muzokara guruhi rahbari [Ukrainadan David Araxamiya] ham. U shunday dedi: «Ha, biz tayyor edik, ammo buni qo‘ldan boy berdik, chunki Buyuk Britaniyaning o‘sha paytdagi bosh vaziri Jonson kelib, bizni bu kelishuvlarni amalga oshirmaslikka ko‘ndirgan edi». Xo‘sh, ular - ahmoqlar, shunday emasmi? Va u ochiqchasiga aytdi: «Agar biz bunga rozi bo‘lganimizda, hamma narsa bir yarim yil oldin tugagan bo‘lar edi». Bu ularning mustaqil odamlar emasligini yana bir bor ta’kidlaydi», deb Putin so‘zlaridan iqtibos keltirdi RIA Novosti. 

Jonsonning o‘zi muzokaralarni buzgani haqidagi gaplarni «butunlay bema’nilik va Rossiya tashviqoti» deb atagan. 

2023 yil dekabrida The New York Times Putin G‘arbga Ukrainada sulh tuzishga tayyorligi haqida signallar berib kelayotgani haqida yozdi. Bu xabarlar turli aloqa kanallari, jumladan, uchinchi davlat hukumatlari orqali uzatilgan. Sulhning sharti shundaki, bosib olingan hududlar Rossiya nazorati ostida qoladi. 

Rossiyaning NYT manbalari, o‘z navbatida, Putinning front chizig‘ida urushni to‘xtatish istagini tasdiqlaydi. Biroq, ular Rossiya prezidenti «bir metrni ham» boy berishga tayyor emasligini ta’kidlamoqda. Ularning aytishicha, Putin prezidentlik saylovigacha sulhga erishib, Ukraina hududining qariyb 20 foizini egallab olish va sulhni urushda g‘alaba deb e’lon etishga umid qilmoqda.

Mavzuga oid