Ukrainlar ilk bor Rossiyaning A-50 razvedkachi samolyotini urib tushirganini ma’lum qildi
Shuningdek, Il-22M havo qo‘mondonlik punkti shikastlangan. RF mudofaa vazirligi bu ma’lumotlar yuzasidan rasmiy izoh bermagan, ammo Kreml ta’siridagi harbiy muxbirlar bu yo‘qotishlarni tasdiqlagan.
14 yanvar kuni kechqurun ukrain nashrlari Ukraina QK havo kuchlari Azov dengizi ustida Rossiyaning A-50 rusumli razvedkachi samolyotini urib tushirib, Il-22M11 havo qo‘mondonlik punktiga zarba bergani haqida xabar tarqatdi. Jurnalistlar ukrain qurolli kuchlaridagi manbalariga havola berishgan. Hromadske telekanali bu ma’lumot Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi tomonidan tasdiqlanganini ma’lum qilgan. Keyinroq Ukraina QK bosh qo‘mondoni Azov dengizi uzra Rossiyaga tegishli A-50 hamda Il-22 havo qo‘mondonlik punkti bo‘lgan samolyotlar urib tushirilganini ma’lum qildi. U Havo kuchlariga «Azov hududidagi mukammal rejalashtirilgan va amalga oshirilgan amaliyot uchun» minnatdorchilik bildirdi.
Ukrain nashrlariga ko‘ra, A-50 tomon zarba mahalliy vaqt bilan 14 yanvar kuni soat 21:10–21:15 atrofida (Moskva vaqti bilan 22:10-22:15) Zaporijjya oblasti Kirillovka posyolkasi atrofidan turib yo‘llangan. Shundan keyin samolyot radarlardan yo‘qolgan va taktik aviatsiya so‘rovlariga reaksiya qilishni to‘xtatgan. Il-22M11 esa taxminan soat 21:00 atrofida Xerson oblastining Strelkove qishlog‘i hududida zarbaga uchragan. «RBK-Ukraina» nashri Il-22M uchuvchisining Krasnodar o‘lkasi Anapa shahridagi aerodrom dispetcheri bilan muloqot audioyozuvini e’lon qilgan, unda uchuvchi qo‘nish yo‘lagiga tez yordam va o‘t o‘chirish mashinalari chaqirishni so‘ragani aks etgan.
A-50 — sovetlar davrida ishlab chiqarila boshlagan samolyot bo‘lib, uzoq radiolokatsion aniqlash va boshqarish tizimiga ega. Bitta shunday samolyot narxi 330 million dollarga baholanadi. Bu model Beriyev nomidagi Taganrog aviatsiya ilmiy-texnika kompleksida «Vega-M» ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi hamda asboblar ishlab chiqarish ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida Il-76 og‘ir transport samolyoti bazasida yasalgan. U havodagi, suv yuzasidagi va yer ustidagi nishonlarni aniqlashi (bir vaqtning o‘zida 60 tagacha), ular tomon qiruvchi samolyotlar yoki aviatsiya frontoviklarini yo‘naltirishi mumkin. RF Havo-kosmik kuchlari ixtiyorida qancha A-50 borligi noma’lum. Military Watch Magazine ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yilda Rossiya A-50 rusumli samolyotlardan uchtasiga va uning modifikatsiya varianti bo‘lgan yettita A-50U samolyotiga egalik qilgan. 2023 yil boshida Forbes Rossiya qo‘shinlarida to‘qqizta A-50 borligini yozgandi. 2023 yil sentabrida «Rostex» Rossiya armiyasiga yana bitta shunday samolyot yetkazib bergan.
Il-22 — havo qo‘mondonlik punkti bo‘lib, qo‘shinlarni boshqarish uchun mo‘ljallangan. Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya qurolli kuchlarida bunday samolyotlardan ko‘pi bilan 12 ta bor.
Rossiya mudofaa vazirligi ukrain nashrlari va harbiylarining so‘nggi bayonotlari yuzasidan izoh bermadi. Ammo samolyotlardan biri urib tushirilgani, boshqasi esa zarbaga uchragani to‘g‘risidagi ma’lumotni rossiyalik harbiy muxbirlar va harbiy sohaga ixtisoslashgan blogerlar tasdiqlashgan. Shu bilan birga, ularning qayd etishicha, Il-22 samolyoti shikastlanganiga qaramay yerga qo‘nishga muvaffaq bo‘lgan.
RF mudofaa vazirligiga aloqador sanalgan Rybar telegram-kanali 14 yanvar kuni kechqurun agar A-50 yo‘qotilgani va Il-22 shikastlangani to‘g‘risidagi ma’lumot tasdiqlansa, bu «Rossiya Havo-kosmik kuchlari hamda havo hujumidan mudofaa kuchlari uchun yana bir qora kun» bo‘lishini ta’kidlagan. Uning qayd etishicha, A-50 samolyotlari shusiz ham «ko‘p emas», «ular uchun mutaxassislar esa barmoq bilan sanarli darajada». Muallifning so‘zlariga ko‘ra, bunday tipdagi samolyot zarbaga uchraganida ekipajni «saqlab qolish imkonsiz ish». U shuningdek samolyot Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlarining «do‘stona zarbasi» oqibatida urib tushirilgani haqidagi variantni istisno qilgan.
Muallifi Rossiya Havo-kosmik kuchlariga aloqador ekani aytiladigan Fighterbomber telegram-kanali amalda A-50 halokatini tasdiqlagan. «Fojia har doim fojia. Ayniqsa bunday ko‘lamdagisi. Unda kim bo‘lganidan qat’i nazar. Uchuvchilar o‘limida kim aybdorligini biz yaqin orada bila olmaymiz. Halok bo‘lganlarga abadiy parvoz, yaralanganlarga tezda sog‘ayib ketishi va safga qaytishini tilayman», — deya yozgan bloger.
15 yanvar kuni kunduzi Rossiya va Ukrainadagi telegram-kanallarda zarbaga uchragan Il-22 samolyoti aks etgan fotosuratlar tarqaldi. Fotolarda samolyotning dum qismida ko‘p sonli shikastlanishlar borligini ko‘rish mumkin. «Kil (samolyot quyruq qismidagi burish ruli o‘rnashgan vertikal sirt), stabilizator jiddiy shikastlangan, boshqaruv ruli yo‘nalishida katta teshiklar, fyuzelyajning orqa qismida kichikroqlari», — deya qayd etiladi BBC rus xizmati xabarida.
«Komsomolskaya pravda» harbiy muxbiri Aleksandr Kots «qulagan A-50 borligi va qutqarilgan Il-22 borligi»ni yozgan. Rossiyaparast bloger Yuriy Podolyak shunday yozgan: «A-50 bo‘yicha… Afsuski, bu to‘g‘ri».
Ukraina QK havo kuchlari spikeri Yuriy Ignat shikastlangan Il-22 fotosiga izoh bergan. «Aftidan, Il-22 ni Anapagacha olib borishgan. Joni qattiq yaramas. Ammo, ko‘rganingizdek, tog‘orani „tiklab bo‘lmaydi“. Shuning uchun, kim nima desa ham, nishon yo‘q qilingan, reanimatsiya yordam bermaydi», — degan Ignat. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina QK uchun ustuvor nishon A-50 bo‘lgan. «Bugungi kunga qadar Havo kuchlari uchun bu bortni yakson qilish imkonsiz vazifa bo‘lib tuyulardi», — deya qo‘shimcha qilgan u.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kremlda Ukraina QK Rossiya samolyotlarini urib tushirgani bo‘yicha ma’lumot yo‘qligini aytgan. «Nima bo‘lganda ham, bu mavzu maxsus harbiy amaliyotga taalluqli», — degan u va bu ma’lumot bo‘yicha RF mudofaa vazirligidan oydinlik kiritishni so‘ragan.
Belarusda A-50 bilan bog‘liq diversiya
2023 yil fevral oyi oxirida belaruslarning BYPOL tashkiloti faollari Minsk yaqinidagi Machulishchidagi aerodromga diversiya uyushtirilgani va u yerdagi ruslarning A-50 samolyotiga ikkita dron orqali 200 gramm trotil ekvivalentidagi portlovchi moddalar tashlangani haqida xabar bergandi. Natijada samolyot jiddiy shikastlangani va endi «ucha olmasligi» ma’lum qilingandi. Aerodromdagi portlashlardan keyin u yer qurollangan harbiylar tomonidan o‘rab olingan, tez yordam mashinalari va tergovchilar yetib kelgandi.
Belarus hukumati diversiya faktini rad etib, uchish yo‘lagida harakatlanayotgan A-50 videosini namoyish etgandi. Lekin bu video qachon olingani noma’lum edi.
4 mart kuni «Zerkalo» nashri A-50 ta’mirlash uchun Taganrogga olib ketilganini ma’lum qildi. Nashr jurnalisti o‘zini Machulishchidagi aerodrom xodimi sifatida tanishtirib, Beriyev nomidagi Taganrog aviatsiya ilmiy-texnik kompleksiga qo‘ng‘iroq qilgan va u yerdagilar unga bu ma’lumotni tasdiqlashgandi.
Mavzuga oid
21:53
Ukraina Rossiya bilan iqtisodiy urushda g‘alaba qozonmoqda - The Economist
21:15
Ukraina bo‘ylab bayram kechasi yopirilma zarbalar yo‘llandi
16:21
Rossiyadagi KXDR harbiylari: ular qanday jang qiladi va dezertirlik qilishi mumkinmi?
11:00