Jahon | 08:25 / 19.01.2024
3512
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiya neftini tashigan BAA kompaniyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi

Qo‘shma Shtatlar Hennesea Holdings va uning 17 ta tankerini Rossiya nefti «narx chegarasi»ga rioya qilmagani uchun sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi.

Foto: AP

AQSh Moliya vazirligi Birlashgan Arab Amirliklarining Hennesea Holdings yuk tashish kompaniyasi va uning 17 ta tankerini Rossiya neftini bir barrel uchun 60 dollardan belgilangan narxga rioya qilmasdan tashigani uchun sanksiya ro‘yxati (Special Designated Nationals List, SDN-List)ga kiritdi.

18 yanvar, payshanba kuni AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) tomonidan e’lon qilingan press-relizda aytilishicha, quyidagi kemalar cheklovlarga duchor bo‘lgan: Aristo, Hai II, HS Arge, HS Buraq, HS Esberg, HS Everett, HS Glory, HS Legend, HS Star, La Pride, Mona, Nellis, Osperous, Peria, Sara II, Sensus, Uze. Ularning barchasi Liberiya bayrog‘i ostida harakatlanadi, Hennesea Holdings operatori bilan bog‘langan.

«2022 yil oxirida tashkil etilgan «narx shifti» kuchga kirishidan bir oz oldin, Hennesea kompaniyasi eski tankerlarni sotib oldi, ular hozirda Rossiya nefti va neft mahsulotlarini tashimoqda. Hennesea kompaniyasiga tegishli tankerlar qayta-qayta Rossiya portlariga kiryapti», - deyiladi Amerika Moliya vazirligi hisobotida.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Hennesea HS Atlantica tankerining yakuniy benefitsiari bo‘lib, u 2023 yil 1 dekabrda Rossiya neftini barreliga 60 dollardan yuqori narxda tashigani uchun sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. «Bugungi harakatlar yana bir bor ko‘rsatib turibdiki, narx chegarasini buzganlar oqibatlarga duchor bo‘ladi, - dedi AQSh moliya vaziri Uolli Adeyyemo. - Hech kim bizning koalitsiyamizning Kremlga yordam berayotganlarni to‘xtatish qaroriga shubha qilmasligi kerak».

Rossiya nefti uchun «narx chegarasi»

2022 yil oxirida Yevropa Ittifoqi va G7 davlatlari (AQSh, Germaniya, Yaponiya, Britaniya, Fransiya, Italiya va Kanada), shuningdek, Avstraliya Rossiya nefti uchun «narx chegarasini» kelishib oldi va o‘z kompaniyalariga ushbu xomashyoni, agar neft kelishilgan darajadan yuqori narxda sotilsa, tashish, moddiy va transport xizmatlarini ko‘rsatishni taqiqladi. 2023 yil 5 dekabrdan bir barrel uchun narx 60 AQSh dollarini tashkil etadi. Cheklovlardan maqsad - Moskvaning neft daromadlarini kamaytirish.

O‘z navbatida, Rossiya agar shartnomalarda «narxlar chegarasi» sharti mavjud bo‘lsa, o‘z kompaniyalariga neft sotishni taqiqladi. Neft mahsulotlari narxiga nisbatan cheklov 2023 yil 5 fevraldan kuchga kirdi. Yengil neft mahsulotlari uchun «narx shifti» bir barrel uchun 100 dollarni, og‘ir neft mahsulotlari uchun bir barrel uchun 45 dollarni tashkil qiladi.

Mavzuga oid